Uchquduqlik tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularni qiynayotgan muammo va e’tirozlar o‘z vaqtida o‘rganilib, yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Navoiy viloyati Uchquduq tuman Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan “Sayyor qabul” rejasi tuzilgan bo‘lib, tasdiqlangan grafik jadvalga asosan tumandagi sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilot, korxonalar rahbarlari ishtirokida tadbirlar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 1-yarim yilligi davomida 37 marotaba “Sayyor qabul” o‘tkazilib, unda 410 nafar fuqaro tadbirkorlik qilish istagini bildirgan fuqarolar ishtirok etdi. Ulardan 126 ta turli mazmundagi murojaat qabul qilinib, “business.gov.uz” portaliga kiritildi va tegishliligi bo‘yicha mas’ul korxona va tashkilotlarga yuborildi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qabulxonaga 218 ta murojaat kelib tushgan va ijroga olingan, – deydi qabulxona mudiri Inomjon Haydarov. – Murojaatlarning 189 tasi ijobiy hal qilindi, 38 tasiga tushuntirishlar berildi. Tadbirkorlar murojaatlari Bosh vazir qabulxonasining “business.gov.uz” portaliga kiritilib, tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga yuborilishi ta’minlandi.

Jumladan, “Uchquduq Ismigul Islom" xususiy korxonasi rahbari Komila Ashurovaning murojaatidan so‘ng, bolalar uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish maqsadida 84 million so‘m, “Baraka chorva klaster Uchquduq” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Faxriddin Mardonovning murojaatidan so‘ng yilqichilik bilan shug‘ullanib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 245 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berildi.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasidagi imtiyozli kreditlar, yer, kadastr, arxitektura va qurilish, infratuzulma masalalari, soliq masalalari bo‘lib, qabulxona mutasaddilari tomonidan barcha murojaatlar o‘z vaqtida ijobiy hal etilishiga e’tibor qaratilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA