Uchquduq tumani yanada rivojlanadi
Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov Uchquduq tumanida bo‘lib bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy soha ob’ektlari holatini o‘rgandi. Sanoat zonasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Ayni paytda “Sifatli Kaolin” MCHJ da qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu yerda kaolinni boyitish va ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Uchrashuvda zavodning texnologik jarayonlari, mahsulot sifati va eksport imkoniyatlari muhokama etildi.

“Ishonch Feruz” xususiy korxonasi qoshida tashkil etilgan “Open qurilish” MCHJ tomonidan esa 3 qavatli savdo kompleksi qurilmoqda.
– Loyiha bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit asosida amalga oshirilmoqda, – deydi korxona rahbari Husniddin Normurodov. – Majmua 3 ming metr kvadrat maydonda bunyod etilib, uning 1-qavatida savdo nuqtalari, 2- va 3-qavatida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Savdo majmuasini joriy yilning oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo‘lib, yerda 51 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, xususiy korxonamiz tomonidan mehmonxona xizmatini tashkil etish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. 30 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona umumiy maydoni 1000 metr kvadrat bo‘lib, zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilmoqda. 5 milliard so‘m mablag‘ sarflanayotgan mehmonxonada 12 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Viloyat hokimi tuman markazida tashkil etilayotgan shaharsozlik loyihalari bilan tanishish chog‘ida hududda barpo etilayotgan maishiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, yangi turar-joy massivlarining sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlanishini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Bugungi kunda Uchquduq tumanida zamonaviy infratuzilma yaratilib, qulay yashash muhitining yanada kengayib borayotganligi tadbirkorlarga ko‘plab loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini bermoqda.

Jumladan, 5 gektar maydonda tashkil etilayotgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida yosh tadbirkorlarning 26 ta loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu kunga qadar 7 ta loyiha to‘liq bitkazilib, foydalanishga topshirilgan. Hozirda 12 ta loyihada qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, qolganlarida smeta-loyihalash boshlangan.
Viloyat hokimi Normat Tursunov tumandagi 4- va 9-umumta’lim maktablari, 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, soliq inspeksiyasida bo‘lib, kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.

“Qizilqum” madaniyat uyida o‘tkazilgan sayyor qabulda korxona va tashkilotlar, mahallalar mas’ullari hamda 300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi.
Qabulda fuqarolar tomonidan ta’lim muassasasini ta’mirlash, yo‘llarda belgilar qo‘yilishi, isitish tizimi, tibbiyot, elektr energiyasi, ishsizlikni bartaraf etish, davolanish, ishga joylashish, tadbirkorlik, yer va uy-joy ajratish hamda soliq tizimi bilan bog‘liq masalalarda murojaatlar qilindi.

– Sayyor qabulda tibbiyot punkti uchun ajratilgan tez tibbiy yordam mashinasining eskirganligi va yangisiga ehtiyoj borligi yuzasidan murojaat qildim, – deydi “Mingbuloq” ovulida istiqomat qiluvchi Nazarbek Yerejepov. – Hokimimiz viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga yangi rusumdagi tez yordam mashinasi ajratilishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Murojaatimiz ijobiy hal etilganligidan xursandmiz.

Sayyor qabulda murojaatlarning aksariyati joyida hal qilingan bo‘lsa, yechimi vaqt va o‘rganish talab etadigan murojaatlar bo‘yicha muddatlar belgilanib, tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi hamda ijrosi viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olinadigan bo‘ldi.
Qabuldan keyin tumandagi korxona va tashkilot rahbarlari, bank-moliya sohasi mutasaddilari hamda mahalla yettiligi bilan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda aholi bandligini ta’minlash, imtiyozli kreditlar ajratish, kommunal xizmatlar ko‘rsatish hamda soliq tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ta’kidlab o‘tildi.
Yakunda mas’ullarga Uchquduq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholiga qulay mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, bandligini ta’minlash yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri