Uchqo‘rg‘onda karting musobaqasi
Uchqo‘rg‘on tumanidagi zamonaviy kartodromda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan karting bo‘yicha yoshlar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Sportning texnik-amaliy turlari, ayniqsa karting poygasi bo‘yicha Respublika va xalqaro miqyosidagi sport musobaqalarini tashkillashtirish va o‘tkazish borasida “Namangan tajribasi” keng ommalashmoqda. Bu borada viloyatda yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar, qolaversa, harbiy vatanparvarlik yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

“Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi tizimidagi shahar va tuman o‘quv-sport texnika klublarida avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, aviamodel, raketamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan.
Uchqo‘rg‘on tumani o‘quv sport texnika klubiga qarashli kartadrom zamonaviyligi, xalqaro talablarga mosligi jihatidan nafaqat, O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi yagona texnik-amaliy sport kompleksi hisoblanadi. Chempionat tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, uch kun davom etgan musobaqada Qashqadaryo, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona, Toshkent va Namangan viloyatlari hamda poytaxtimizdan saralangan 10 ta jamoa tarkibida 50 nafardan ziyod sportchi bahslarga kirishdi. Chempionatning “Mikro” klass (50 sm. kub), “Mini” klass (60 sm. kub), “125 sm. kub”, “K” va “YU” sinflari bo‘yicha karting poygalarda Toshkent shahridan Sergey Stenin va Elshan Tolibov, Namangan viloyatidan Abubakr Qodirjonov, Farg‘ona viloyatidan Ismoil Saidovlar g‘olib bo‘ldi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Namangan viloyati jamoasi O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyati vakillari, uchinchi o‘rinni sirdaryolik kartingchilar egalladi. Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida ishtirok etgan “Vatanparvar” tashkiloti Respublika Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Alisher Abdusamadov, viloyat tashkiloti rahbari v.b. Habibullo Jo‘rayev chempionat g‘olib-sovrindor sportchilari, jamoalarga kubok, diplom, medallar va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.