"Uch avlod uchrashuvi"da ham hayotiy, ham kasbiy saboqlar
Urganchda Sudyalar assotsiatsiyasi va Xorazm viloyat sudlari tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” hamda Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyevning “Poklanish pallasi” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Unda viloyat sudlari sudya va xodimlari, sud faxriylari, sudyalikka nomzodlar hamda Urganch davlat universitetining yurisprudensiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat sudi raisi Shuhrat Kamolov so‘zga chiqib, sud faxriysi Ubaydulla Mingboyevning hayot yo‘li, ibratli faoliyati, orttirgan boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidladi.
[gallery-20467]
Ubaydulla Mingboyev esa o‘z so‘zida sudya o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uyg‘ota olishi lozimligini aytdi. Qatnashchilarga odil sudlov tizimidagi islohotlarni davom ettirish va insonlarning sudga ishonchini oshirish maqsadida sudyalar hamjamiyati oldida turgan vazifalar, tizimda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, sud korpusini halol va pok sudya hamda sud xodimlari bilan shakllantirish zarurligi bildirildi.
Ma’rifiy tadbirda yana ko‘plab sud faxriylari ham uzoq yillik ish faoliyati davomida orttirgan bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ish jarayonida ro‘y bergan esda qolarli va ibratli voqealarni so‘zlab berishdi.
Viloyat ma’muriy sudining sudyasi Dilmurod Yusupov o‘z ma’ruzasida “Poklanish pallasi” nomli kitobning ahamiyati haqida gapirib, unda farzand tarbiyasi, insonning axloqiy qarashlari, davlat va jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlarga bo‘lgan munosabat, daxldorlik hissi va huquqiy davlatning muhim shartlaridan biri bo‘lgan qonun ustuvorligiga oid fikrlar aks etganligini aytib o‘tdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari