Turoperatorlar Xonobod shahriga sayohatda bo‘ldi
Andijon viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda Xonobod shahar hokimligi hamkorligida Farg‘ona vodiysi viloyatlari tur operatorlari uchun Xonobod shahriga sayohat tashkil etildi.
Prezidentimiz o‘tgan yil 21-22 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda ichki turizmni rivojlantirish, xususan, Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish taklifini ilgari surib, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.


Ana shulardan kelib chiqib, o‘tgan davrda Xonobodda turizmni rivojlantirish, yangi turistik ob’ektlar barpo etish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, umumiy loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan «Xonobod» sihatgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga mo‘ljallangan mingdan ortiq dam olish uylari va boshqa qator turistik ob’ektlar barpo etildi. Ayni payti Kampirrovot suv ombori hududida 68 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston dengizi (sun’iy ko‘l) qurilmoqda.
Sayohat davomida ishtirokchilar Xonoboddagi turistik ob’ektlarda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud imkoniyatlar, umuman, shaharning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi.


Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i A.Maksumov, Xonobod shahar hokimi M.Tojiboyev bilan muloqotda Xonobodga sayyohlarni jalb etish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan fikr almashildi.
Turoperatorlar ishtirokida Xonobodda barpo etilayotgan sun’iy ko‘l loyihasi, shuningdek, ko‘l hududida barpo etiladigan ko‘ngilochar maskanlar, dam olish hududlari, xiyobonlar, tashkil etiladigan boshqa turistik maskan va xizmatlarning loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMURZOQOV (surat), O‘zA