“Turonbank” mahallalarga kitoblar sovg‘a qildi
Kitob chin ma’noda xazina, haqiqiy do‘st, ilm sarchashmasidir. Zero, kitobga bo‘lgan e’tibor, mehr har qanday insonni ma’naviy yuksaklikka eltadi.
E’tirof etish kerakki, bugun mahallalarda ham mo‘’jazgina kutubxonalar tashkil etilayotgani keksayu yosh uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Navoiy viloyat Navbahor tumanidagi Qorovultepa mahallasida bugungi kunda 3 ming 265 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 856 ta oila, 692 ta xonadon mavjud. Hudud 2023 yilda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi doirasida haqiqiy obod manzilga aylangan.
Zamonaviy ko‘rinish olgan mahalla binosida mo‘’jazgina kutubxona tashkil etilib, javondan minglab kitoblar joy oldi. Qayd etish kerakki, “Turonbank” ATB Navoiy bank xizmatlari markazi tomonidan mazkur mahalla kutubxonasiga mingta o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan tashkil topgan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
– Mahallamiz drayveri chorvachilik va dehqonchilikka qaratilgan. Hududimiz obod bo‘lgani sari odamlarimizning dunyoqarashi, ma’naviyati ham yuksalib bormoqda. Kitobxon oilalar, kitobxon yoshlar safi kengayib borayotgani esa quvonarli. Mahallamiz binosidagi kutubxonada kitoblarni bemalol o‘qish uchun o‘quv zali ham tashkil etilgan. Ma’naviyat maskanimizning yangi kitoblar bilan boyitilishiga munosib hissa qo‘shgan “Turonbank”dan minnatdormiz, - deydi “Qorovultepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oybek Qudratov.
“Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini Navbahor tumani markazida joylashgan. O‘tgan yili mahalla yangi binoda ish boshladi. Bu yerda ham o‘ziga xos ziyo maskani - kutubxona ochilgan. Kutubxona fondi “Turonbank” ATB Navoiy bank xizmatlari markazi tomonidan topshirilgan 500 ta kitob bilan yanada boyidi.
“Turonbank” ATB Navoiy bank xizmatlari markazi ma’naviy yuksalish yo‘lidagi bu kabi tashabbuslarga hamisha kamarbasta.
[gallery-18787]
– Bu ezgu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar orasida kitobxonlik darajasini yanada yuksaltirishdir, - deydi “Turonbank” ATB Navoiy bank xizmatlari markazi rahbari Zuhriddin Hamroyev. – Kitob kirib borgan joyga ma’naviyat kiradi. Ma’naviyat yuksak joyda esa taraqqiyot bardavom bo‘ladi. Mahallalarda tashkil etilgan kutubxonalar tez orada mahalla yoshlari bilan gavjum maskanlardan biriga aylanadi, degan umiddamiz. Eng muhimi, jamoamiz tomonidan taqdim etilgan kitoblarning aksariyati o‘quvchilar uchun qiziqarli va nodir asarlar sanaladi. Kelgusida ham bu kabi xayrli ishlarni izchillik bilan davom ettiramiz.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA