Turon davlatining boshqaruv qonunlari
Turkiy ellarning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuksalishlar ro‘y berib, buyuk saltanat qurgan, madaniy hayotida ulkan yutuqlarga erishgan – Sohibqiron Amir Temur hukmronlik qilgan davri temuriylar renessansini boshlab bergan yuksalish bosqichi sifatida o‘zbek davlatchiligi tarixida ayricha o‘ringa ega.
Davlatchilik tarixida temuriylar davrida yaratilgan asarlar, ayniqsa, turkiy davlat boshqaruvi tizimining tengsiz yodgorligi bo‘lmish “Temur tuzuklari” fanga ma’lum bo‘lganidan buyon dunyo sharqshunoslarining e’tiborini o‘ziga tortib kelmoqda. Ushbu nodir asarning yozilish tarixi, davlat boshqaruvidagi o‘rni, matnshunoslik, manbashunoslik xususiyatlari, nashrlari, tili va janri masalalari to‘g‘risida aytilayotgan mulohazalar go‘yo usta g‘avvos tubsiz ummonga sho‘ng‘ib, uning bir chetidan qo‘liga ilingan injuni ko‘tarib chiqqanday gap. Ta’kidlash o‘rinliki, bilim kishilari uchun “Temur tuzuklari” yuzasidan bajarilmog‘i kerak ishlar hali ham oldinda turibdi.
XIV yuzyillikning ikkinchi yarmidan davlatni boshqarish Amir Temur qo‘liga o‘tishi bilan ma’lum bir davrlarda so‘nib qolgan iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayotda jonlanish, rivojlanish boshlandi. Hokimiyat va ma’muriy tizimni mustahkamlash, qo‘lga kiritilgan yutuqlarini saqlab qolish, kelajak taraqqiyot uchun yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, davlat siyosiy-ijtimoiy tuzumining usullarini belgilash, turli ijtimoiy tabaqalarning vazifasini tayinlash, davlat boshqaruvining nizom-qoidalarini ko‘rsatib berish kun tartibidagi masalaga aylandi.
Ayni masalani hal etish uchun Sohibqiron Temurbek turkiy boshqaruv an’analariga suyangan holda, davlatni idora qilish usulini, siyosatini, qonun-qoidalarini, rasmu odatlarini, axloq me’yorlarini o‘zida mujassamlashtirgan nizomnoma sifatida «Temur tuzuklari» asarini yaratdi.
Asar oldiga qo‘yilgan talab juda muhim edi. Unda yuzaga kelgan yangiliklar, ularni mustahkamlash, idora qilish usullari, el kishi (fuqaro - Sohibqiron Temurbek ta’biri)dan tortib oliymansab beglar va amirlar fe’l-atvori qanday bo‘lishi lozimligi, davlat qurilishi, iqtisod va xo‘jalik, ma’rifat va obodonchilik, davlatni barqaror rivojlantirish, umuman siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, moddiy-madaniy, axloqiy-tarbiyaviy masalalarga o‘sha davr talabi nuqtai nazaridan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, javob berish kerak edi
Sulton Temurbek yangi davr, yangi bosqichning qonunshunosi va mafkurachisi sifatida mana shu masalalarga javob berdi. Bu davr qonunchilik va davlat boshqaruvi tizimida yangi bosqich sanaladi. Bu kezda hokimiyatda, mafkurada, madaniyatda, ma’naviyatda, dunyoqarashda yangi o‘zan ochildi. Ana shularning bari tuzuklarda aks etdi hamda qonunchilik taraqqiyotida o‘tmish turkiy davlatlar qonunchiligidan ulgu olgan, tuzuklarga asoslangan boshqaruv tizimining yangi, o‘ziga xos davri boshlandi. Yasaga asoslangan eski qonunchilik o‘z o‘rnini tuzuklarga bo‘shatib berdi.
Asarning yozilishi bilan bog‘liq ayrim ishoralarni tarixchi Ibn Arabshohning “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” asarida ko‘rish mumkin. U yozadi; “1370 yil martida Amir Temur Samarqandga qaytib, uni o‘z davlatining poytaxti qilib, keyin qonunlarni va o‘z hokimiyati davlat tuzumini tartibga soldi”. Tarxchilarning guvohlik berishicha, Temurbek har bir harakati va amalga oshirgan ishlarini, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq tajribalarini nihoyatda daqiqlik bilan qayd ettirib borgan. Bu haqida Sharafiddin Ali Yazdiy shunday deydi: “Sayyidlar, olimlar, faqihlar va bilim egalari, shuningdek, uyg‘ur baxshilariyu fors adiblari Sohibqironga safarda ham, uyda ham uzluksiz mulozimlikda bo‘lgan ekanlar. Farmonga muvofiq ulardan bir guruhi muntazam ravishda ul Hazratning yurish-turishi va gap-so‘zlarida, mulk, millat va arkoni davlat ahvolida nimaiki gap bo‘lsa, to‘la-to‘kis yozib borardilar. Bu ishda mubolag‘a qilinmasin, deb alohida ta’kidlab buyurilgan edi. Shu yo‘sinda turkiy manzuma va forsiy qissa, har biri ul Hazratning yurish-turishidagi eng yirik voqealarni qamrab olgan nazm va nasr qalamiga olingan edi”. Sohibqironning ushbu harakatlarining zamirida buyuk davlatchilik tajribasini keyingi avlodlarga qoldirish, o‘g‘il-qizlarning ulardan ulgu olishi, turkiy davlatchilik an’analarining mangu qolishi ezgu istagi yotgan.
Asarni eski o‘zbek tilidan fors tiliga o‘girgan Mir Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy qo‘lyozma boshida “Temur tuzuklari” haqida shunday degan: “...ikki sharif haram sohibi va Yaman hokimi Ja’far Bostoniyning kitobxonasida bir kitobga ko‘zim tushdi, uni [o‘qib] ko‘rsam boshdan-oyoq hammasi Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragonning o‘z so‘zlaridan [iborat] ekan, yetti yoshidan yetmish to‘rt yoshigacha boshdan kechirgan voqealarni yozibdi, ya’ni qanday qilib o‘zini sultonlik martabasiga yetkazgan va ne hosiyat birla yetti iqlim mamlakatlariga farmonravo bo‘lgan. Uni boshdan-oyoq o‘qib chiqsam podshohlik qonuni va davlat tuzumi, mulk olish qoidalari, askar va raiyat intizomi, mulk va mamlakatni boshqarish usuli, urush va saf tuzish qoidalarini o‘z ichiga olgan ekan. Uni fors tiliga tarjima qilib, kitob holiga keltirdim, toki podshohlarga qo‘llanma bo‘lar”.
Asar ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, uning birinchi qismida saltanatni boshqarish bilan bog‘liq kengash va tadbirlar o‘rin olgan bo‘lsa, ikkinchi qismida Amir Temurning vorislariga aytgan o‘gitlarilari joy olgan. Unda davlatni boshqarishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutimi, sarkardalar va vazirlarni tayinlash singari masalalar xususida ham so‘z boradi.
Sohibqiron davlat ahamiyatidagi barcha tadbirlarni kengashib amalga oshirgan. Bu masalalar tuzukda biror tadbirni bajarishda amalga oshirishgan kengashim deya beriladi. Aslida, kengash chaqirish Temurbekning muhim fazilatlaridan biri bo‘lgan. U doimo biror bir masalani hal etish yoki muayyan bir tadbirni amalga oshirishdan oldin shu soha egalari, olimu ulamolar bilan kengashar, so‘ngra aniq va qat’iy qaror qabul qilardi. Ali Yazdiyning yozishicha, ko‘pincha Sohibqiron matematika, astronomiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot va til bilimi, ilohiyot va din sohasidagi yetakchi mutaxassislar bilan suhbatlar o‘tkazardi. Shu jihatdan tuzuklarda kelgan Sohibqiron Temurning o‘n ikki ijtimoiy toifa bilan hamisha kengashib ish ko‘rgani bejiz emas. U har bir toifaning davlat boshqaruvida tutgan o‘rni va ahamiyatini ayricha qadrlagan.
«Temur tuzuklari» asari chingizxonlar hukmronligi yemirilib, o‘rniga yerli aholi orasidan chiqqan yurt egalarining hokimiyat tepasiga kelishi, o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun tinmay kurash olib borayotgan bir davrda yozilgandir. Davlat boshqaruv amaliyotida davlatning bosh qomusi anglamida “tuzuk” atamasining qo‘llanilishi ham Temurbek nomi bilan bog‘liq. Buning isbotini buyuk sarkarda va yurt egasining tuzuklaridagi ma’lumotlardan, o‘sha zamon tarixchilarining Temur va temuriylar faoliyatiga bag‘ishlangan asarlaridan topamiz. Shu bois, davlatchiligimiz tarixida qonunlar majmuasi anglamida “tuzuk” atamasi kiritildi. Bu to‘g‘rida Sohibqironning o‘zi quyidagilarni yozadi: «...Saltanat qurish va davlat tutish bobida o‘zim qo‘llagan ishlarni bir necha tuzukka bog‘ladim va saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma yozib qoldirdim...» Temur saltanatning boshqaruv haqida bahs ochib, nizom – qoidalar tizimini yaratdi. Shu jihatdan «Temur tuzuklari» asarini XIV–XV asr Turon davlatining boshqaruv qonunlari deyish o‘rinli.
«Temur tuzuklari» asarida “tuzuk” mohiyatini belgilovchi yana shunday so‘zlar bor: «Saltanatni boshqarishimda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra va tuzuk asosida ado etdim».
Sulton Temurbek qurgan davlatning boshqaruv tizimini o‘rganishda bosh manba o‘rnida turuvchi asarda keltirilgan ushbu qaydlar yurt egasining o‘z tilidan aytilmoqda. Asarni o‘qishda davom etamiz: «Dinu shariat ishlari tuzukini tartibga keltirganimdan keyin, saltanatim korxonasining tuzukini tuzishga kirishdim». Asardan olingan ushbu uzundi mazmunidan ham Temurbek saltanat boshqaruvida tuzukka asoslangani oydinlashmoqda.
Umuman, Sohibqiron Amir Temur tuzuklari davlat boshqaruvi aks etgan quruq nazariy qarashlar emas, balki yurtga egalik qilgan, ma’muriy tizimning barcha yukini yelkasiga ortgan, turkiy davlatchilik an’analari va o‘zining boshqaruv tajribasida sinovdan o‘tkazgan hukmdor-amaliyotchining ko‘rsatmalaridir.
Qudratulla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
professori, filologiya fanlari doktori