Turkiyalik neyrojarrohlar Namanganda
Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali hamda Turkiyaning “Memorial” klinikasi jamoalari o‘rtasida muntazam hamkorlik o‘rnatilgan.
Xorijiy klinikaning yetakchi shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor Zafer Toktashning Namangan viloyatiga tashrifi mazkur hamkorlikning amaliy bosqichiga keng yo‘l ochdi.

Zafer Toktash jahonning kuchli neyrojarrohlar safiga kiradi. U Kembridj universitetining tibbiyot fakultetini bitirgan, AQSH, Yevropa davlatlarida malaka oshirgan. Bosh miya, orqa miya, gipofiz o‘smalari, umurtqa pog‘onasi bo‘yin qismi stenozi, miya stimulyatsiyasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlari, tajribalari bilan jarrohlikni takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shgan. Turkiyalik shifokor namanganlik hamkasblarini bosh-bo‘yin onkologiyasiga oid yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari yangiliklari bilan tanishtirdi.

– Dunyo bo‘ylab bo‘yin-bosh miya o‘smalari bilan xastalanishlar ko‘paymoqda. Jumladan, viloyatimizda ham shu tashxis bilan dispanser hisobiga olinayotganlar oyiga 1,5-2 barobarga ortgan, – deydi Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali jarrohlik bo‘limi bosh-bo‘yin onkologi Akmaljon Boymirzayev. – Ularni davolashda birdan-bir chora jarrohlik, kimyo va nur terapiyasi. Aksariyat xastalardagi o‘smalarni 95 foizgacha olib tashlab, so‘ngra nur va kimyo terapiya bilan davolashga kirishganmiz. Ammo, turk hamkasbimiz fikriga ko‘ra, ba’zan o‘sma miyaning operatsiya qilish qiyin bo‘lgan zichliklarigacha kirgan holatlar uchraydi. Professor Zafer Toktash ana shunday vaziyatlarda nur va kimyo terapiyasi qo‘llashning yangi yo‘l-yo‘riqlarini multimedia vositasida ko‘rsatib berdi.
Filial faoliyati bilan yaqindan tanishgan turkiyalik shifokor onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashning noyob, eng so‘nggi rusumdagi texnologik vositalarga yuqori baho berdi.
Tashrif davomida, ikki tomonlama tibbiy ko‘rik va tajriba almashuvlarni faollashtirish, ayniqsa, tashxis va jarrohlik yo‘nalishlarida telemeditsinadan keng foydalanish borasida kelishuvga erishildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA