Turkiyalik mutaxassis Termizda seminar o‘tkazdi
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining turkiyalik maslahatchisi Sodiq Badak pandemiyadan keyingi davrda xavfsiz turizmni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lib o‘tgan tadbirda sohaga aloqador davlat va jamoat tashkilotlari, mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari va turistik firmalar, sayyohlarga boshqa xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.Namozov mamlakatimizda turizmni qo‘llab-quvvatlab, milliy iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini takidladi. Shunga muvofiq qadimiy hududda ziyorat turizmi bilan birga eko, etno, tibbiyot, agro va boshqa sayyohlik salohiyati rivojlanib borayotgani, olis o‘tmishdan saqlanib qolgan noyob yodgorliklar va arxeologik topilmalarga dunyo ahli katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi.

Biroq, o‘tgan yili sayyoramizga chang solgan koronavirus infeksiyasi Jahon turizm bozorini inqiroz yoqasiga olib keldi. Bu jarayon mamlakatimiz, jumladan, Surxon vohasining sayyohlik yo‘nalishida sezilarli yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. O‘tgan yili vohaga 6 ming 700 dan ortiq xorijlik sayyoh kelgani ham bunga yaqqol dalildir.
Ayni paytda mamlakatimizda pandemiyadan so‘ng sayyohlikni zamonaviy sharoitlarga javob beradigan yangi bosqichda yuksaltirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sohadagi kuchli va zaif tomonlar, imkoniyatlar va tahdidlar tahlilini o‘tkazib, “O‘zbekiston Turizmi (2035) Strategiyasi” ni ishlab chiqmoqda.
Seminarda xorijlik mutaxassis o‘tgan yili dunyoda turizm va sayohat industriyasi duch kelgan muammolar, pandemiyadan keyingi davrdagi turizm siyosati va islohotlar, sohadagi ilg‘or mamlakatlarning joriy va kelgusi yillarda asosiy muammolarini hal etish borasidagi harakatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yurtimizda sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor xususida fikr almashdi. Ishtirokchilar pandemiyadan keyingi davrda turizm siyosati va islohotlari mavzuiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA