Turkiyalik ishbilarmonlar Xorazmda
Turkiya Respublikasining Adana viloyati savdo palatasi boshqaruv kengashi vitse-prezidenti Yujel Bayram boshchiligidagi delegatsiya Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Turkiya Respublikasining Adana viloyati savdo palatasi boshqaruv kengashi vitse-prezidenti Yujel Bayram boshchiligidagi delegatsiya Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Shu yil 28 aprel – 3 may kunlari Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Turkiya davlatida bo‘lgan tashrif davomida Adana shahar meri Zeydan Karalar va Adana provinsiyasi gubernatori Mahmut Demirtash bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan edi. Uchrashuvlarda ikki viloyat o‘rtasida turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, Adana viloyatining sanoat palatasi, tijorat birjasi va sanoat zonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi o‘tkazilgan edi. Mazkur biznes-forum yakunida Turkiyaning “Delfingold sanayi ve Tijaret A.S.” kompaniyasi tomonidan 5 million dollar investitsiya kiritilishi hisobiga zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, turkiyalik tadbirkor Dinger Axmet tomonidan 2 million dollar investitsiya kiritish hisobiga Urganch shahridagi kichik turistik zonasida mehmonxona qurish hamda “JeyKiBi” kompaniyasi tomonidan 10 million dollar investitsiya kiritilishi hisobiga Hazorasp tumanida dastlab 1 ming 500 gektar maydonda zaytun bog‘i barpo etish loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Ushbu kelishuv doirasida Turkiyaning Adana viloyatida turli sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalarning 27 nafar vakilidan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrifning birinchi kuni viloyat hokimligining “Kengashlar uyi”da o‘tkazilgan davra suhbatida viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Xorazm viloyati, uning iqtisodiyoti, viloyatda yaratilgan investitsion muhit hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga oid ma’ruzalar tinglandi.
Shundan so‘ng mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Turkiyalik ishbilarmonlar va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida “B2B” formatida muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Bog‘ot tumanidagi “Xorazm teks” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar Hazorasp tumanidagi “Hazorasp tekstil” korxonasiga, “O‘zavtomotors” kompaniyasi (“GM Uzbekistan”)ning Xorazm filialiga va ushbu zavodga avtomobil ehtiyot qismlari va detallar yetkazib beruvchi qo‘shma korxonalarga, “Develop tekstil” xorijiy korxonasiga tashrif buyurdi.
Turkiyaning Adana viloyati ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.