Turkiyalik erkak to‘satdan milliarderlar qatoridan joy oldi
Turkiyaning Van shahrida yashovchi 32 yoshli Ahmad Jahongard Takalo kutilmagan holatga duch keldi. Uning bank hisobida bir zumda qariyb 1 trillion lira paydo bo‘lgan. Bu mablag‘ taxminan 21,8 milliard dollarga teng bo‘lib, uni dunyodagi eng boy insonlar qatoridan joy olishiga yetarli edi.
G‘ayrioddiy holat erkak oddiy xarid uchun to‘lov qilmoqchi bo‘lganida aniqlangan. Bank kartasi ishlamagach, u bank bo‘limiga murojaat qilgan. Tekshiruv davomida hisobida 999 999 999 999 lira va 99 qurush mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Takaloning aytishicha, bu mablag‘ qayerdan kelib qolgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. Shundan so‘ng bank hisoblarni muzlatib, holat yuzasidan tekshiruv boshlagan. Oradan qariyb bir oy o‘tgan bo‘lsa-da, u hanuz o‘z hisobidan foydalana olmayapti.
Ozarbayjonda tug‘ilgan va so‘nggi o‘n yildan buyon Turkiyada yashayotgan Takalo bankdan bir necha bor izoh so‘ragan, biroq tekshiruv tugallanmagani sababli unga batafsil ma’lumot berilmagan. Hozircha mablag‘ning paydo bo‘lishi texnik xatolikmi yoki boshqa sabab bilan bog‘liqmi, aniq emas.
Qizig‘i shundaki, Takalo vaziyatni sun’iy intellekt orqali ham tahlil qilib ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dasturlar bunday mablag‘ bilan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yoki ulkan miqdorda oltin xarid qilish mumkinligini ko‘rsatgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA