Turkiyada cheklovlar yumshatilyapti
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatda 1 iyundan koronavirus fonida qo‘yilgan cheklovlarning bir qismi bekor qilinishi haqida gapirdi, deb yozadi «RBK».
– 1 iyuldan komendantlik soatini bekor qilamiz, – deydi Prezident. – Bundan tashqari, shaharlararo harakatlanish va shahar jamoat transportidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Ta’kidlanishicha, vaksina mamlakat uchun asosiy masalalardan biri sanaladi. Turkiyada 43 milliondan ortiq dozada koronavirusga qarshi vaksinalar ishlatilgan.
Bir necha hafta ichida 18 yoshdan oshganlarni emlashni yakunlash mumkinligi e’lon qilindi.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida mamlakatda COVID-19 ga chalinish bo‘yicha 5,2 mingta yangi holat qayd etildi, 51 kishi vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi o‘rtasidan boshlab Turkiya hukumati COVID-19 ga chalinish holatining ortishi munosabati bilan cheklov choralarini kuchaytirdi. Mamlakatda komendantlik soati 19:00 dan 05:00 gacha uzaytirildi.
May oyida yangi chora-tadbirlar kuchga kirdi. Do‘konlarda faqat oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlarini sotishga ruxsat berildi. 17 maydan karantin rejimi bosqichma-bosqich yumshatila boshladi. 1 iyundan komendantlik soati qisqartirilib, to‘ylarga ruxsat berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA