Turkiya Isroilga elchi tayinladi
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Shokir O‘zkan Torunlarni Isroilga elchi qilib tayinladi, shu haqdagi farmon payshanba kuni imzolangani aytilmoqda.
Torunlar bundan avval Turkiyaning Falastindagi elchisi edi.
Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Turkiya Isroil bilan diplomatik munosabatlarni tiklagandan keyin ushbu mamlakatda o‘z elchisini tayinlashga qaror qildi, deb bayonot bergan edi.
Isroil bilan Turkiya munosabatlari 2010 yilda isroillik maxsus xizmatchilar tomonidan Turkiyadan G‘azo sektoriga jo‘nagan “Moviy Marmara” kemasi egallab olingandan keyin uzilgan edi. 2018 yilda Anqara G‘azo sektorida Isroilning tashkil topganiga 70 yil to‘lishi bilan bog‘liq yubiley hamda AQSH Tel-Avivdagi elchixonasini Quddus shahriga ko‘chirishi sharoitida bo‘lib o‘tgan norozilik chiqishlardan keyin Anqara Isroilning Turkiyadagi elchisiga mamlakatni tark etishni taklif qildi. O‘shanda namoyishchilar bilan politsiyachilar to‘qnashuvlarida 59 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan edi.