Turkiya elchisiga faxriy professor unvoni berildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 23 fevral kuni Turkiya Respublikasining O‘zbekistonda o‘z missiyasini tugatayotgan Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Erga faxriy professor unvoni topshirildi.
Tadbirda TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva, Tashqi ishlar vazirligi Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Nodir G‘aniyev elchiga O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, xususan, ta’lim va ilm-fandagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan hissasi hamda sohadagi islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Mehmet Sureyya Er Turkiya va O‘zbekiston ruhan bir-biriga yaqinligi, xalqlarimizni mushtarak tarix, til, din, madaniyat va qon-qardoshlik rishtalari bog‘lab turishi, Movarounnahrda qadim sivilizatsiyani boyitgan ko‘plab olimlar yetishib chiqqani, ularning asarlari hatto bugun ham qadriyatlarimizning jon tomirlarini tashkil etayotganiga to‘xtalib, O‘zbekistonga doimo ota yurt sifatida qarashini ta’kidladi. Mamlakatlarimizning umumiy tarixi o‘zaro aloqalarning uzilmas vositasi bo‘lib xizmat qilayotgani, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng xalqlarimizning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibati mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Keyingi yillarda Prezidentlarimizning sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yuksak sur’atda rivojlanmoqda. Qardoshlikka asoslangan ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi bosqichi xalqlarimizning tarixiy yutug‘idir.
Uchrashuv so‘nggida Mehmet Sureyya Er o‘ziga bildirilgan yuksak hurmat-e’tirom uchun TDSHU rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi hamda kelgusida ta’lim va ilm-fan sohasida universitet bilan yaqindan hamkorlik qilish niyati borligini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash joiz, xorijlik fuqaroga TDSHU faxriy professori unvoni bundan 9 yil avval berilgan. O‘shanda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Chon De Vanga TDSHUda “jahon iqtisodiyoti” mutaxassisligi bo‘yicha fan nomzodi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgani hamda koreyashunoslik sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ushbu unvon topshirilgan.
Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er mamlakatimizda turkshunoslik sohasi rivojiga katta hissa qo‘shdi. 2019 yil noyabr oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasining Turkiyaga safarini amalga oshirishda hamda Anqara, Istanbul, Marmara, G‘ozi, Anqara Hoji Bayram Vali universitetlari bilan anglashuv memorandumlari imzolashda amaliy yordam ko‘rsatdi. Ushbu memorandumlar asosida turkiyalik professor-o‘qituvchilar va Turkiyadagi vatandoshlarimiz TDSHU o‘quv jarayoniga onlayn tarzda jalb qilindi.
O‘z navbatida, TDSHU professor-o‘qituvchilari ham Turkiyaga malaka oshirishga yuborildi, hamkor universitetlar rahbariyati va olimlari TDSHUda tashkil etilgan ilmiy konferensiyalarda faol ishtirok etdi.
Elchi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab 9 yillik tanaffusdan so‘ng Turkiyadan volontyor o‘qituvchilarni jalb qilishda, Turkiya elchixonasi diplomatlari Mehmet Kaan Bakkalbashi va Yunus Emre Bakirchining universitetda turkshunos talabalar uchun “Turkiya tashqi siyosati” va “Usmoniylar davridagi turk tili” turkum ma’ruzalarini tashkil etishda amaliy yordam berdi. 2021-2022 o‘quv yilidan TDSHU va Anqara Hoji Bayram Vali universiteti o‘rtasida joriy etiladigan “Lingvistika (turk tili)” va “Turizm” mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ham uning xizmatlari tufaylidir.
Mehmet Sureyya Er Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti faxriy professori unvoni berilgan ilk turkiyalik mutaxassis. U TDSHU turkshunoslik fakultetini rivojlantirishda, fakultetni o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlashda ko‘mak berib keldi. Shuningdek, universitetda o‘tkazilgan ko‘plab xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori