Turkiy davlatlar hamkorligi e’tirof etildi
Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish avvalida fraksiya rahbari A.Qodirov Prezidentimizning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki, mazkur sammitning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi:
— Bugungi global tezkor o‘zgarishlar davrida O‘zbekistonning tinchlikparvar, hamkorlikda rivojlanish siyosati nafaqat Markaziy Osiyo, balki Turkiy davlatlar o‘rtasidagi tarixiy rishtalarni tiklash va kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu Turkiston sammitida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Partiyamiz o‘z g‘oyalaridan kelib chiqib, tarixiy, azaliy qadriyat va an’analari mushtarak bo‘lgan Turkiy davlatlar hamkorligini va bu boradagi har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi fraksiya rahbari.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Davlat chegarasi orqali yashirin yo‘llar qazib, tovar va mahsulotlarni tashish, noqonuniy olib o‘tish holatlari ko‘payib borayotgani xavfsizligimiz bilan bog‘liq masaladir, — dedi loyihaga mas’ul deputat G.Tojiboyeva. — Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-2025-yillar davomida 12 ta yer osti yashirin yo‘llari aniqlangan. Endilikda mazkur qonun loyihasi bilan davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklar, xorijiy valyuta, qimmatbaho metallar va boshqa predmetlarni noqonuniy olib o‘tish, bojxona nazoratini chetlab o‘tish bilan bog‘liq holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Ya’ni, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshootlar, infratuzilma ob’ektlaridan foydalangan holda noqonuniy tovar olib o‘tish, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar, tunnellar qurish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun ham jinoiy javobgarlik taklif etilmoqda.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA