Turkiston silovsinini ko‘rganmisiz? (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi “Surxon” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatgan zamonaviy foto qopqon ob’ektiviga muhrlangan ilk hayvon Turkiston silovsini bo‘ldi.
Bu haqida O‘zAga xabar bergan Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, silovsin yirtqichlar turkumi mushuksimonlar oilasining mushuklar avlodiga mansub, tog‘ tekisliklardagi odam borolmaydigan qalin o‘rmonlarda yashaydi. Gavdasining uzunligi 1-1,3 metr, dumi 15-20 santimetr. Mo‘ynasining rangi yozda malla, juni kalta, qishda uzun va och-kulrang tusga kiradi. Qulog‘i katta, ichida bir tutam juni bor. Bu eshituv organining yaxshi taraqqiy etganini ko‘rsatadi. Oyoqlari kuchli va panjalari katta bo‘ladi.
Silovsinlar asosan dunyoning O‘rta Osiyo mamlakatlari, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Xitoy g‘arbi, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning shimolida, yurtimizning Turkiston, Hisor, Ko‘hitang, Bobotog‘ tog‘larida uchraydi. Tog‘larning o‘rta va yuqori qismlari (alp o‘tloqlari zonasining bargli o‘rmon va archazorlar qoplagan quyi chegarasigacha), ko‘pincha sochma-toshloq va qoyalarga yaqin joylarni o‘ziga makon tutadi. Quyonlar, ba’zan kemiruvchilar, tuyoqlilar, qushlar bilan oziqlanadi. 17 yilgacha umr ko‘radi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XgEswW_ZdSc" title="Turkiston silovsinini ko‘rganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri