Turizmni birgalikda rivojlantiramiz
Sochidagi “Roza Xutor” majmuasida o‘tkazilayotgan Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansi a’zolarining birinchi festivali doirasida ishtirokchilar jamoalari tog‘ yonbag‘irlarida chang‘ida uchish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etdi.
Jumladan, O‘zbekistondan “Amirsoy” dam olish maskani vakillari ham milliy musiqa sadolari ostida chiqish qildi. Shundan so‘ng “Yevrosiyoda tog‘ turizmini birgalikda rivojlantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, mavjud imkoniyatlar va muammolar Yevroosiyoning yetakchi tog‘ kurortlari rahbarlari tomonidan muhokama qilindi.
[gallery-16407]
– Alyans o‘tgan yil tashkil etilgan bo‘lsa-da a’zolar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ya oldik, – dedi Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansi kotibi Andrey Kukushkin. – Axborot almashish, turizm xizmatlarini targ‘ib qilish, birgalikda rejalar tuzishda bir muncha natijalarga erishdik. Va bu faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Endilikda hamkorlikda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, turistlarni ko‘proq jalb qilishga e’tibor berishimiz zarur. Ilk festival va uning doirasidagi keng ko‘lamli ishlar ushbu maqsadga xizmat qilishi shubhasiz. Shuningdek, bugun alyans korporativ universiteti tomonidan “Global xavfsizlik konsepsiyasi: marketing va xizmatlar”, “Tajriba marketingi”, “Kompetensiyani rivojlantirish” mavzularida interaktiv ma’ruzalar tinglandi. Kechki dasturda esa festival ishtirokchilarining milliy taomlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri