Turizm xizmatlari sifati oshadi
Navoiy shahridagi “Zarafshon by DEDEMAN” mehmonxonasida Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Mehmonxonalar Assotsiatsiyasi hamkorligida o‘quv seminari tashkil qilindi.
Seminarda turizm xizmatlarining sifati hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasini oshirish maqsadida joylashtirish vositalarida faoliyat yuritayotgan administrator va xo‘jalik xizmatchilari uchun o‘quv dasturlari o‘tildi.
Unda malakali mutaxassislar tomonidan maxsus dastur asosida “Front ofis” va “Housekeeping” yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
– Viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlarini qamrab olgan 340 km masofada 60 ta turizm ob’ekti mavjud. Ushbu ob’ektda 14 ta turizm marshrutlarini o‘z ichga olgan Navoiy “turizm halqasi” yo‘nalishi tashkil etilgan. Unda transportda va piyoda sayohat qilish uchun alohida turistik marshrutlar yaratilgan, – deydi Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xo‘jayev. – Natijada 2024 yilda viloyatga 420,2 ming nafar xorijiy va 2 million 485 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilib, 2023 yilga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi 2,6 barobarga oshdi. Hozirda viloyatda 6983 ta o‘ringa ega 238 ta joylashtirish vositalari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 105 tasi ekoturizm ob’ekti hisoblanadi.
[gallery-21291]
Bugungi kunda ekoturizm ob’ektlarini o‘z ichiga olgan 20 ta yangi turmarshrutlar tashkil etilib, ular soni 70 taga yetkazildi va viloyatning ekoturizm xaritasi ishlab chiqildi.
Mahorat darslari va qiziqarli mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tgan o‘quv-seminari yakunida ishtirokchilarga malaka sertifikatlari taqdim etildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari