Turizm rivojida talabalar hissasi
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash, belgilangan turistik yo‘nalishlar bo‘yicha sayyohlar va ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida ham bu borada e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, viloyatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar, loyihalar doirasida turistik ob’ektlar, ziyoratgohlarga xorijiy sayyohlarni jalb etish bo‘yicha Andijon davlat chet tillar instituti jamoasiga ham qator vazifalar belgilangan. Institutimizda ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Andijon viloyatida 422 ta madaniy meros ob’ektlari mavjud bo‘lib, ularning 85 tasini diqqatga sazovor joylar tashkil etadi. Mazkur madaniy meros ob’ektlari bilan yaqindan tanishish, ularning ko‘hna tarixi, go‘zal manzarasi, o‘ziga xos jihatlari haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun institut professor-o‘qituvchilari, talabalarning ana shu ob’ektlarga sayohatlari tashkil etilmoqda. Mutaxassislar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, ularning bu boradagi bilim va tushunchalari boyitilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, viloyatdagi turistik ob’ektlarni keng targ‘ib etish, sayyohlar va ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga ko‘maklashishdir.
Bundan tashqari, Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida bitiruvchi talabalarning 60 nafari viloyatdagi 70 dan ortiq ziyoratgoh hamda madaniy meros ob’ektlarida amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yildi. Ular amaliyot rahbarlari bilan birgalikda o‘zlari amaliyot o‘tayotgan madaniy meros ob’ektlari, u yerda turistlar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlari haqida keng ma’lumotlar jamlab, ma’lumotlar kontentini yaratadi, videoroliklar tayyorlaydi.
Shundan so‘ng institutimiz o‘qituvchilari, talabalari tomonidan mutaxassislar jalb etilgan holda tayyorlangan ma’lumotlar kontenti va videoroliklar rus, ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarga tarjima qilinib, institutimiz sayti, internetdagi telegramm va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatiladi. Shu orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar yanada ko‘proq jalb etiladi.
Masalan, Qo‘rg‘ontepa tumani Sultonobod qishlog‘ida joylashgan “Bibi Seshanba” ziyoratgohi haqida ma’lumotlar jamlanib, qator xorijiy tillarga tarjima qilindi. Rivoyatlarga ko‘ra, hozirda “Bibi Seshanba” deb ataluvchi maskanda Hazrati Bahouddin Naqshbandning xolasi, diniy va ilohiy bilim borasida piru ustozlardan bo‘lgan Valiy Komila ismli ayol o‘z valiylik karomati ila seshanba kunlari tilovati Qur’on, amri ma’ruf o‘tkazib kelgan. Buning hosiyatidan insonlar dardiga shifo, mushkuliga yengillik topgan. Shu bois, ushbu maskan keyinchalik xalq orasida “Bibi Seshanba” nomini olgan. Ushbu ziyoratgoh o‘zining shifobaxsh suvli buloqlari bilan ham aziz va muqaddasdir. Bu yerda “Jannat buloq”, “Sumalak buloq”, “Qiz buloq”, “Ko‘z buloq”, “Sho‘r buloq” kabi bir nechta buloq suvlari shifobaxsh hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buloqlarning suvlari tarkibidagi foydali minerallar, makro-mikro birikmalarga ega ekanligi bilan turli toshma va ichki kasalliklariga, quloq va ko‘z xastaliklariga malham bo‘ladi.
Joriy yilning o‘zida olim va magistrlarimiz, amaliyot o‘tayotgan talabalarimiz tomonidan madaniy meros ob’ektlari va ziyoratgohlar bo‘yicha 44 ta bitiruv-malakaviy ishi, 12 ta magistrlik, 2 ta PhD dissertatsiyasi, 2 ta ilmiy-innovatsion loyiha tayyorlanganligi mazkur yo‘nalishdagi ishlarimiz debochasidir. Olimlarimiz xizmat safari bilan Hindiston davlatida ham bo‘lib qaytdi. Hindistondagi qator turistik kompaniyalar bilan, yurtimiz, xususan, Andijon viloyati turistik imkoniyatlarini targ‘ib etish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois sohani rivojlantirishga ilmiy yondashish, alohida “yo‘l xarita”lari, loyihalar ishlab chiqish muhimdir. Bu borada Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oliy o‘quv yurtlari ko‘prik vazifasini o‘tashi kerak. Shu ma’noda institutimizning Xonobod shahridagi dam olish maskani o‘quv turizm laboratoriyasiga aylantirildi.
Mazkur laboratoriyada xodimlarimiz, mutaxassislar tomonidan Xonobod shahrining turizm salohiyatini oshirish, Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysini turizm markaziga aylantirish, shaharga yurtimiz va xorijiy sayyohlarni jalb etishga qaratilgan qator dasturlar yaratilmoqda. Ana shu dasturlardan biri Xonobod shahrining turizm imkoniyatlarini o‘zida aks ettiruvchi kontentlar yaratish va ular asosida turistik paketlar yaratish, ularni keng jamoatchilikka tarqatish hamda targ‘ib etishda xorijiy va mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Bundan tashqari, bu yerda turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari ham tashkil etildi.
Bizning asosiy maqsadimiz, turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bilan birga, yurtimizda, shu jumladan, Andijonda turizmni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishdir.
Dilshodbek Rustamov,
Andijon davlat chet tillar instituti rektori
O‘zA