Turfon – olov ichidagi uzum diyori (+video)
Turfon – qadimdan Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim strategik nuqta sifatida G‘arb va Sharq o‘rtasidagi savdo, ilm-fan va madaniy aloqalar markazi bo‘lib kelgan. Bugun esa bu shahar “Xitoyning muqaddas uzum shahri” sifatida uzumchilik, eksport va turizm sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari bilan O‘zbekiston uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Issiqlik darajasi 45-47°C ko‘tariladigan iqlimi tufayli Turfon “Olov ichidagi shahar” deb nomlanadi. Ammo aynan shu iqlim – uzum yetishtirish uchun mukammal tabiiy sharoit yaratib beradi. Bu yerda yetishtirilgan uzumlar yuqori shakar miqdori va boy ta’mi bilan ajralib turadi. Turfondagi uzum bog‘larida mayiz, sharob va navbatdagi qayta ishlash mahsulotlari uchun maxsus turlar parvarish qilinadi.

Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi tashabbusi bilan Urumchiga tashkil etilgan press-tur doirasida bu ajoyib shahar bilan yaqindan tanishdik.
Turfon yaqinidagi Jyaoxe xarobalari — II asrdan XIV asrgacha mavjud bo‘lgan va Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniy almashinuvlarni aks ettiruvchi noyob tarixiy shahar press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. 30 metr balandlikda joylashgan bu qadimiy shahar xom g‘ishtdan qurilgan Xitoydagi eng yirik va yaxshi saqlangan yodgorliklardan biri hisoblanadi. U 2014 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu yerda qadimgi ibodatxonalar, davlat binolari, omborlar, qabristonlar va shahar infratuzilmasining qoldiqlari tarixning jonli guvohi sifatida saqlanib qolgan.
Yana bir qiziqarli manzil 1992 yilda tashkil etilgan va 2024 yilda modernizatsiya qilingan “Kyariz” etnoparki bo‘ldi. U – Turfonning suv madaniyati va uyg‘ur an’analarini namoyon etuvchi interaktiv madaniy hududdir. Yangi-kyariz, Perstek-kyariz va Mirimbay-kyariz kabi irrigatsiya kanallari mehmonlarga qadimiy suvni saqlash va yetkazish texnologiyalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Kyarizlar muzeyida maxsus eksponatlar, modellar va interaktiv animatsiyalar orqali ushbu texnologiyaning tarixi, qurilishi va ahamiyati haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Parkda an’anaviy milliy liboslar, folklor raqslari, oshxona, hunarmandchilik namoyishlari hamda “O‘tmish eshigi” kabi interaktiv elementlar orqali boy taassurot uyg‘otuvchi muhit yaratilgan.
“Xo Shan Xun” vinochilik majmuasi – Turfondagi eng yirik vino turizmi ob’ekti bo‘lib, “Sinszyan yangi vino madaniyati dunyosi” konsepsiyasi asosida tashkil etilgan. Majmua 3 km uzunlikdagi vino madaniyati yo‘lakchasini o‘z ichiga oladi. Sinszyanda vinochilikning 2400 yillik tarixi mavjud bo‘lib, Turfon bu sohada yetakchi hisoblanadi. Bu yerda mehmonlar uzum terimi, maydalash, fermentatsiya va yetishtirish jarayonlarini kuzatishlari, yer osti omborlarida saqlanayotgan sharoblar bilan tanishishi mumkin. Sharoblar yuqori sifat, organik va xush ta’mi bilan xalqaro bozorlarda o‘z o‘rniga ega. Majmuada qumli SPA, xalqaro standartdagi suzish havzasi, bolalar maydonchasi, restoran, sport zali, gastronomik ko‘cha, “bochkali uylar” mehmonxonasi va 19 ming metr kvadrat maydonga ega madaniyat markazi joylashgan.

Press-tur yakunida o‘zbekistonlik jurnalist Muhammadjon Obidov tomonidan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida suratga olingan “Shinjon: Turfon mo‘jizalari” nomli hujjatli filmning premerasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu filmda Turfonning uzumchilik salohiyati, tabiiy sharoitlari hamda “Olov ichidagi uzum diyori” keng yoritildi.
Filmda, shuningdek, Farg‘ona vodiysidagi uzumchilik an’analari bilan Turfon uzumchiligi o‘rtasidagi o‘xshashliklar, ikki mintaqaning ushbu sohadagi hamkorligi va tajriba almashish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Hujjatli film Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stlik va savdo aloqalarini yanada mustahkamlashga, qolaversa, ikki mamlakatning uzumchilik salohiyatini jahon bozoriga samarali tarzda yetkazishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9uoVuCZx5bQ" title="Turfon - olov ichidagi uzum diyori" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri