“Turar joyingiz buziladimi yoki buzilmaydi?”
Turar joyni noturarga aylantirishdagi sun’iy to‘siqlar....
Shunday zamon bo‘ldiki, tadbirkorlik qilish uchun barcha imkoniyat eshiklari lang ochilgan. Xohlasangiz uyingizda tadbirkorlik qiling. Faqat, turar joyingizni noturar binoga aylantirib, qonuniy ruxsat olgan holda biznesingizni davom ettiring. Ko‘pchilik tadbirkorlarga shunday yo‘l tutish maqbul ham bo‘lmoqda. Chunki, maqsad bitta: tadbirkorlik qilib birni o‘n qilish, yangi ish o‘rinlari bunyod etib, oilalar farovonligini ta’minlash. Biroq, ha deganda bu yumush oson bitavermas ekan.
“Turar joy buziladi”. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning murojaatiga Yakkasaroy tuman qurilish bo‘limi mutasaddilari xuddi shunday javob yo‘llashdi. Xo‘sh, mazkur murojaatga berilgan rad javobi qonuniymi?
2021 yil 5 avgustda Mas’uliyati cheklangan jamiyat vakillari Shayxontohur tumani davlat xizmatlari markazi orqali korxonaga tegishli turar-joy binosini to‘laligicha “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish” sifatida noturar-joy toifasiga o‘tkazishga ruxsat so‘rab, ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma olish uchun ariza tashlagan. Vakolatli idora mutasaddilari, ya’ni Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Yakkasaroy tumani, Glinka ko‘chasida joylashgan Mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektining hujjatlarini ko‘rib chiqib, mazkur bino, Toshkent shahar hokimining 2019 yil 9 dekabrdagi 1734-sonli qaroriga asosan, buzilishga mo‘ljallangan hududda joylashganligi sababli, ushbu masalani ijobiy xal etish imkoniyati yo‘qligi vaji bilan rad javobni bergan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy Reglamentining 21-bandida vakolatli organ bino va inshootning devorlari rejasi, kesimi (mavjud bo‘lsa), fasad va kadastr pasporti nusxalari kelib tushgandan so‘ng to‘rt ish kuni mobaynida ushbu Reglamentning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan ruxsatnoma berishi yoki rad etishning aniq sabablarini va qonunchilik normalarini ko‘rsatgan holda ruxsatnoma berishni rad etishi ko‘rsatilgan.
Mazkur qonun buzilishi holati yuzasidan Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Yakkasaroy tuman qurilish bo‘limi mas’ul xodimiga nisbatan joriy yilning 4 noyabr kuni MJtKning 2155-moddasiga asosan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi.
Biroq, qurilish tizimidagi mutasaddilarga jazo chorasi ham kor qilmadi.
2021 yil 11 noyabr kuni Yakkasaroy tumani, Glinka ko‘chasida joylashgan turar joy binosini noturar joy toifasiga qayta ixtisoslashtirish uchun Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazi orqali qayta ariza yo‘llaganida ham Yakkasaroy tuman qurilish bo‘limi tomonidan yuqorida qayd etilgan Reglament talablariga zid ravishda “xuddi o‘sha mutasaddi rahbar” tomonidan rad javobi beriladi.
Bu ne holat? Qiziq, xuddi mushuk sichqon o‘yiniday....Tadbirkor, ariza tashlaydi, mutasaddi “o‘ying buziladi” qabilida rad javobi qaytaraversa... Axir, murojaat tashlash ham tekin emasku, ikki marta tadbirkorning cho‘ntagidan falon so‘mi sarflandi axir. G‘alati holat emasmi?.... Balki, ruxsat olishning boshqa yo‘llari bordir. Qachongacha xususiy mulk buziladi?
Va nihoyat murojaatga takror va takror noqonuniy va asossiz rad javobi berilayotgani uchun joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasiga qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilganidan so‘ng, tadbirkor foydasiga ijobiy yechim topildi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli turar-joy binosini to‘laligicha “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish” sifatida noturar-joy toifasiga o‘tkazishga ruxsat berildi.Tabdirkor qo‘liga ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma tegdi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, qurilish va arxitektura sohasidagi amaldorlar Prezident tomonidan qo‘yilgan oliy maqsad tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilash ekanligini yoki unutib qo‘yganlar yoki shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘ymoqdalar.
Xulosa o‘zingizdan...
Oybek HAKIMOV,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi
O‘zA