Turar-joy muammosi ijobiy hal etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markazida yashovchi fuqaro X.Sh. Navoiy ko‘chasida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadonni 295 million so‘mga sotib olgan.
Quruvchi bir oy ichida kamchiliklarini bartaraf etib, yashash uchun tayyor holatga keltirib berilishini aytgan. Biroq, xonadon uy-joy shartnomasiga muvofiq tegishli tartibda topshirmagani sababli kelishmovchilik kelib chiqqan.
Fuqaro Ellikqal’a tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etib, yuzaga kelgan masalada amaliy yordam so‘raydi. Mutaxassislar tomonidan murojaatni o‘rganish davomida haqiqatan ham xonadonni isitish qurilmalari, oshxonada idish yuvish joylari o‘rnatilmaganligi, kanalizatsiya qudug‘i mahkam yopilmaganligi aniqlandi.
Soha mutaxassislarining olib borgan tushuntirish ishlari natijasida iste’molchini bezovta qilgan turar-joy muammosi bartaraf etilib, murojaat ijobiy yechim topdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA