Turar joy bozoridagi vaziyat qanday?
Yaqinda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari mamlakatimizda turar-joy bozorining rivojlanishini o‘rganib chiqdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda uy-joy bozori, dunyo ko‘chmas mulk bozoridagi holatga mos ravishda rivojlanayotgani va turar- joyga bo‘lgan talab dinamikasi jahon bozoridagi tendensiyalarga mos kelishini ko‘rsatdi.
Tahlilda yozilishicha, 2021 yilda 76,6 mingga yaqin turar joy binolari qurilgan. Bu esa 2020 yildagiga qaraganda 15,1 mingta ko‘pdir.
Aholi daromadlari va xalqaro pul o‘tkazmalarining sezilarli darajada ortishi, shuningdek, uy-joy sotib olishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi turar joy bozorining rivojlanishidagi muhim omillar bo‘lmoqda. Uy-joy tannarxini pasaytirish va qurilishning ushbu yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, aholi uchun bir qator imtiyozlar berildi. 2022 yilda ipoteka qurilish dasturlarini amalga oshirish uchun 13 trillion so‘m miqdorida maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiyalar yo‘naltiriladi.
Shu kunlarda mamlakatimizda qurilish ishlari yanada qizg‘in davom ettirilmoqda. Xususan, barcha qulayliklar va zarur ijtimoiy infratuzilmalarga ega 22 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etilayotir.
O‘zA