Transport yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlanadi
Toshkent davlat transport universitetida “Transport sohasida yuksak malakali kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni universitetda samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Transport vazirligi mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Murojaatnomada ta’lim tizimi, xususan, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalardan kelib chiqib, bo‘lajak mutaxassis-kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasida islohotlar samarasini yanada oshirish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh etish masalasi muhokama qilindi.
Transport sohasi uchun yetuk qadrlar tayyorlash tizimida yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan fikr-mulohaza yuritilib, amaliy takliflar ishlab chiqildi. Mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari haqida o‘zaro fikr almashildi.
– Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlar ekanmiz, ularning bilimi, ko‘nikmasi qancha ko‘p va mustahkam bo‘lsa, ana shundagina biz o‘z maqsadimizga erishgan bo‘lamiz, – dedi Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov. – Mazkur konferensiyadan maqsad ham davlatimiz rahbarining Murojaatnomada belgilab bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, sohamiz bo‘yicha qisqa muddatda va uzoqni ko‘zlagan aniq rejamizni ishlab chiqish hamda tizimda tatbiq etishdan iborat.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA