Trampga otilgan o‘q Baydenga “tegdi”mi?
Bayden yarim yo‘lda to‘xtadi. Uning “vorisi” marrani zabt eta oladimi?
Ayni paytda butun dunyo nigohi AQSHdagi prezidentlik saylovoldi jarayonlariga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakat yetakchiligi uchun nomzodlar o‘rtasida kurash yana qiziydigan ko‘rinadi.
Voqeaning ildizi AQSHning amaldagi rahbari Jo Baydenning 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qilganidan so‘ng boshlandi.
Ayniqsa, Bayden yaqinda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Trampga qarshi debatda muvaffaqiyatsiz ishtirok etganidan so‘ng Demokratik partiya vakillari Baydenni saylovoldi kampaniyasidan chiqishga unday boshlagandi.
Oradan biroz o‘tib, Tramp Baydenning saylovda qatnashishdan voz kechishiga izoh berdi. Trampning “CNN”telekanaliga bergan bayonotiga ko‘ra, Harrisni mag‘lub etish Baydenga nisbatan osonroq bo‘ladi. Tramp shuningdek, Baydenni "mamlakat tarixidagi eng yomon prezident" deb atadi.
Ushbu voqealar atrofida paydo bo‘layotgan savollarga javob topish maqsadida doimiy ekspertimiz – siyosiy fanlar doktori Farxod Karimovni qisqa suhbatga chorladik.
– 81 yoshli AQSHning 46-rahbari Jo Bayden 2024 yilgi prezidentlik saylovlarini tark etishini e’lon qildi. Sizningcha, bunga undagi fiziologik holat sababmi yoki Respublikachi Trampning suiqasddan keyin obro‘si oshib ketganimi?

– Bilamizki, Trampga suiqasddan oldin ham Jo Bayden u bilan bahsda ancha orqada qolgan edi. Asosiy debatlardagi suhbatlarda u nutqlaridagi noaniqliklar, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli biroz passiv holatda edi.
Bilishimcha, Baydenning atrofidagilar ham bu vaziyatni anglagan va Trampga suiqasddan oldin ham uni saylovdan chetlatish masalasi ko‘rilgandi.
Suiqasd Trampning mavqeini judayam oshirib yuborgach, demokratlarning g‘alaba qozonish imkoniyatlari birmuncha pasayib ketdi. Bayden bu ishda o‘zini aybdor his qilmaslik uchun ham boshqa nomzod tanladi va o‘zini chetga oldi.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, bu ketishda Donald Tramp yuqori ko‘rsatkich bilan g‘alabaga erishadi va demokratlar past ko‘rsatkich qayd etadi. Shuning uchun ham Bayden o‘zi ishongan va kuch-quvvatga ega bo‘lgan Kamala Xarris nomzodini ilgari surdi. Saylovgacha hali oz bo‘lsada fursat bor va shu vaqt ichida demokratlar Xarris timsolini yaratishga harakat qiladi.
– Yuqorida aytganingizdek, Bayden saylov poygasini tark etgach, vitse-prezident Kamala Harrisni prezidentlik uchun nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va demokratlarni "Trampni mag‘lub etishga" chaqirdi. Fikringizcha, Harris Trampga munosib nomzod bo‘la oladimi?
– Kamala Xarris shundoq ham hammaga ma’lum va mashhur. To‘g‘ri, u Bayden darajasida o‘zining ambitsiyalari bilan ommaning e’tiborini tortmagan, lekin u Qo‘shma Shtatlar demokratiyasi qonun-qoidalarini o‘ziga xos holatda namoyon qilib chiqqan. Yana bir jihat borki, uning millati osiyolik va u musulmonlardan kelib chiqqan.
E’tiborli tomoni, u ayol kishi sifatida yuqori martabalarga erishish mumkinligini isbotladi. Xarrisning ham o‘z o‘rni bor, ammo Bayden bilan qiyoslaganda tarozining narigi pallasida baribir Bayden ko‘proq tosh bosib turadi.
Fikrimcha, demokratlar bor kuchi bilan harakat qilib, Kamala Xarris timsolini yanada yaxshiroq qilib ko‘rsatishadi. Sababi, AQSHda siyosiy va piar texnologlar bor, shuning uchun hali hech kim eshitmagan shiorlar, yangicha tashabbuslar bilan Xarris timsolini kuchaytirashadi. Lekin nima bo‘lganda ham Trampning hozirgi kundagi martabasini inobatga oladigan bo‘lsak, Xarrisga juda qiyin bo‘lishi aniq.
– Yil davomida Qo‘shma Shtatlarda Donald Trampga nisbatan bir necha ayblovlar kuzatildi. Hatto u bir necha bor sud kursisida so‘roq berishiga ham to‘g‘ri keldi. Bu ichki muammolar yaqin kelajakda Trampning davlat rahbari bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi mumkinmi?
– AQSH qonunlariga ko‘ra Tramp hatto qamalgan taqdirda ham, agar saylovlarda g‘alaba qozonsa, bemalol prezident bo‘lishi mumkin va panjara ortidan turib ham davlatni boshqarishi mumkin.
Biroq Trampning hozirgi kundagi mavqei uning qamalishiga to‘sqinlik qiladi. Chunki butun mamlakat ichida mashhur bo‘lgan bunday shaxsning qamalishi fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lishi turgan gap.
Siyosiy tizim ham buni yaxshi biladi. Shuning uchun bu jarayonlar Trampni qamash darajasigacha boradi, deb o‘ylamayman.
– Noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida agar Tramp g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uning Yevropa hamjamiyatiga bo‘lgan munosabati, shuningdek, Rossiya-Ukraina, Isroil-Falastin ziddiyatiga bo‘lgan qarashlari qanday tus oladi, deb o‘ylaysiz?
– Albatta, Tramp yana siyosiy sahnaga chiqsa, qandaydir o‘ziga xos qarorlar, o‘zgarishlar bo‘lishi ayon. Va u o‘z navbatida, Ukraina va Rossiya, Isroil va Falastin nizolarini hal qiluvchi tashabbuslar bilan chiqadi.
Lekin AQSH siyosatida bilamizki, xalqaro maydonda mamlakatning tashqi siyosiy institutlari harakat qiladi, shuning uchun uning faoliyatida keskin o‘zgarishlar kuzatilmasligi mumkin.
– Farxod aka, qisqa, lekin mazmunli suhbat uchun tashakkur.
– Rahmat!
O‘tkir Alimov suhbatlashdi.
O‘zA