Tramp va Zelenskiy nima haqda gaplashdi (+video)
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ikki kun ichida AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan ketma-ket ikki bor telefon orqali suhbatlashdi. Suhbatdoshlar Kiyevga yetkazib beriladigan “Tomagavk” raketalari va Rossiya tomonidan energetika tizimiga qilingan hujumlarni muhokama qilgan.
Zelenskiy Trampni, “xuddi Yaqin Sharq singari, Ukrainada ham tinchlik o‘rnatish bo‘yicha vositachi bo‘lish”ga chaqirgan.
Uning ta’kidlashicha, “Rossiya hozir Yaqin Sharqdagi mojarodan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda”.– Dunyo e’tibori hozir Yaqin Sharqqa qaratilgani bois, Moskva zarbalarni kuchaytirmoqda, –degan Zelenskiy. – Demak, Rossiyaga bosimni kuchaytirish lozim. Sanksiya, boj, Rossiya neftini xarid qilayotganlarga qarshi birgalikdagi harakat, ya’ni bu urushni moliyalashtirayotganlarga nisbatan ko‘rilayotgan choralar kuchida qolishi kerak.
Ukraina matbuoti yozishicha, yakshanba kuni Moskva tomoni Odessa viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektlariga zarba berishi natijasida bir necha shahar elektr ta’minotidan uzilgan. Tun davomida jami 118 dron uchirilib, oqibatda 7 kishi halok bo‘lgan, kamida 23 kishi jarohatlangan. Mamlakat Energetika vazirligi Donetsk va Chernigov viloyatlarida ham energetika infratuzilmasi hujumga uchragani, ba’zi hududlar suv va elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda energetika sektori asosiy jang maydoniga aylangani aytilyapti. Moskva qish mavsumi boshlanishi oldidan Ukraina energetika tizimini izdan chiqarishga urinayotgani ta’kidlanyapti.
– Rossiya shahar va qishloqlarimizga qarata havo terrorini davom ettirmoqda, energetika infratuzilmamizga zarbani kuchaytirmoqda, – deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – So‘nggi hafta ichida mamlakatimizga qarshi 3100 dan ko‘p dron, 92 raketa, 1360 ga yaqin boshqariladigan bomba ishlatilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/X-9SjV4QbnQ" title="Tramp va Zelenskiy nima haqda gaplashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA