Tramp chaqirig‘idan so‘ng Zelenskiy Rossiya energiya ob’ektlariga zarbani to‘xtatish shartini aytdi
Ukraina Kreml keskinlikni kamaytirishiga qarab Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumni to‘xtatadi, deb e’lon qildi Prezident Vladimir Zelenskiy. Uning ta’kidlashicha, Kiyev urush boshlangandan beri tinchlikka intilgan va nizoni tugatish uchun o‘nlab diplomatik taklif ilgari surgan.
– Qo‘shma Shtatlar bilan muloqot hozir ham davom etyapti, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoq sahifasida. – Biz tinchlikni yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni ko‘rib chiqyapmiz. Bunday sa’y-harakat keskinlikni kamaytirishga qaratilgan qat’iy qadamlardan boshlanadi.
Ukrainaning energetika sektori, muhim infratuzilmasi va oziq-ovqat eksporti Rossiya uchun nishon bo‘lishi to‘xtashi kerak. Bu holat bizni keskinlikni kamaytirishga qaratilgan tegishli qadamlar tashlashga undaydi.
AQSH yetakchisi Donald Tramp Zelenskiy bilan telefonda gaplashib, RF NQI korxonalariga zarba berishni to‘xtatishga chaqirgan. “Axios” nashri yozishicha, Tramp bunday harakat jahon bo‘ylab dizel yonilg‘isi narxi oshishiga olib kelishini aytgan.
Zelenskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning energetika sohasidagi sulh taklifini Rossiyaga yetkazishini aytdi. Shuningdek, Amerika tomoni Kiyevdan RF NQIZlariga zarbani bir tomonlama to‘xtatishni talab qilmaganiga urg‘u bergan.

Bundan tashqari davlat rahbari “Patriot” raketalari yetkazib berish Tramp bilan muhokama qilingan asosiy mavzulardan bo‘lgani, biroq bu borada hali aniq javob olinmaganini ma’lum qildi. Kiyev Vashingtondan shunday tizim ishlab chiqarish uchun litsenziya ham so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Raytheon” kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirishga tayyor va Tramp ham bu g‘oyaga ijobiy munosabatda. Ishlab chiqarish taxminan bir-bir yarim yil vaqt talab qiladi.
Zelenskiy Trampdan Si Szinpinni tinchlik muzokarasiga jalb qilishni ham so‘rab, Xitoy rahbari Putinga ta’sir qilishi mumkinligini taxmin qilgan:
– Ertaga Prezident Tramp Xitoy rahbari bilan uchrashadi. Men unga ochiq aytdim. Agar muzokaraga jalb qilinsa, Si Szinpin Putinga ta’sir qila oladi.
S.Rahimov, O‘zA