Tovarda ishlab chiqarishdagi nuqson chiqsa, u darhol almashtirib beriladi
Qonun loyihasiga sharh
Biror mahsulot, tovar yoki maishiy texnika sotib olgandan so‘ng unda qandaydir nuqson aniqlansa, uni amaldagi tartibga ko‘ra 7 kun ichida almashtirish mumkin. Ammo qonunchiligimizda nuqsonli tovarni almashtirish jarayonida tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish asoslari va tartib-taomillari aniq belgilanmagan. Bu ayrim holatlarda tovarni almashtirish muddatining asossiz cho‘zilishiga, natijada esa iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bu borada birgina 2025-yilning o‘zida Raqobat qo‘mitasiga 53 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 23 foizi savdo sohasiga oid. Shundan 25 foiz murojaatlar nuqsonli mahsulotlar bilan bog‘liq, 58 foizi maishiy elektr texnikalari, 7 foizi qurilish materiallari, 3 foizi kiyim-kechak, 3 foizi kimyo-kosmetika, maishiy mahsulotlar va biologik qo‘shimchalar bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlardir. Mazkur barcha holatlarda nuqsonli tovarlarni sotuvchi tomonidan almashtirib berish muddatlari cho‘zilgan.
Endilikda tovarda ishlab chiqarishdagi nuqson chiqsa va sotuvchida xuddi shu markali sog‘lom tovar mavjud bo‘lsa, u amaldagidek 7 kun cho‘zmasdan, tovarni darhol almashtirib berishi shartligi belgilanmoqda.
Parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasi tegishli normalar bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishi, tuzilishi yoki tarkibiga oid kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi aynan shunday markali tovar mavjud bo‘lsa, uni darhol almashtirib berishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish asoslari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, tovardagi nuqsonlar iste’molchiga tovar realizatsiya qilinganidan keyin saqlash yoki foydalanish qoidalarining buzilishi yoxud uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlarda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha tekshirish bilan bog‘liq xarajatlar esa sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan qoplanadi. Biroq tekshirish natijasida tovarda nuqson mavjud emasligi yoki nuqson iste’molchining qoidalarni buzishi yoxud uchinchi shaxslar harakati oqibatida kelib chiqqanligi aniqlansa, ushbu xarajatlar iste’molchi tomonidan qoplanishi belgilanmoqda.
Hujjatda iste’molchining huquqlari ham aniq belgilab qo‘yilyapti. Xususan, u shaxsan yoki o‘z vakili orqali tovar nuqsonining kelib chiqish sabablarini tekshirish jarayonida ishtirok etish, tekshiruv vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinishi hamda o‘z mablag‘lari hisobidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Mazkur normalar iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlaydi, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarda aniqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, nuqsonli tovarni almashtirishdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
--0--