Toshloqdagi maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor
Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
bugungi kunda yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish borasida keng miyoqsli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Toshloq tumanidagi maktablarda ilg‘or tajriba yaratilgan. Namunali ta’lim maskanlarida yangi pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.
– Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar samarasida jamiyatda o‘qituvchining nufuzi oshdi, ta’lim-tarbiyada sifat tubdan o‘zgardi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Abdumajid Soliyev. – Xususan, hozirda eng chekka hududdagi maktabda ham bilim olish uchun barcha sharoitlar bor. 52 ta ta’lim maskanlarimizda qariyb 40 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. 2021-2022 o‘quv yiliga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rildi. Ta’lim muassasalari to‘liq ta’mirlanib, tegishli o‘quv jihozlari va ko‘rgazmalar bilan ta’minlandi.
Tumanda maktablarning modiy-texnika bazasini rivojlantirish, obodonlashtirish borasida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 120,5 million so‘m mablag‘ sarflanib, o‘quv xonalari joriy ta’mirlab berildi. 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 5 ta isitish qozoni o‘rnatilib, isitish tizimida mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek boshlang‘ich binoning 3 ta sinfxonasida pol qismini ta’mirlash ishlari, birinchi qavat ichki va tashqi qismini ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tuman prokurori tashabbusi bilan joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.
“Furqat” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bugun barcha havas bilan qaramoqda. Bu yerni kapital ta’mirlash uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, “Trobilding” xususiy korxonasi tomonidan qurilish ishlari amalga oshirildi. O‘quv binosi mukammal ta’mirlandi va qo‘shimcha 140 o‘rinli o‘quv binosi qurib foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan, o‘quv kabinetlari, sinf xonalari o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun so‘nggi rusumdagi parta-stullar, doskalar bilan ta’minlanganligi kishini havasini keltiradi.
– Joriy o‘quv yilidan maktabimiz xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga aylantirildi, – deydi maktab direktori Inomjon Karimov. – Ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan sinfga 30 ta kvota ajratildi. Onlayn tarzda 178 ta ariza qabul qildik. Bir o‘ringa 6 nafardan talabgor ro‘yxatdan o‘tdi. Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan testda eng yuqori ball to‘play olgan 30 nafar o‘quvchilar endi ingliz tilini chuqurlashtirilgan holda o‘rganadigan bo‘ldi. Yangi o‘quv yilida esa maktabimiz 140 dan ortiq jajji bolajonlarni o‘z bag‘riga qabul qiladi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami tumandagi ta’lim maskanlarida shodu xurramlik bilan kutib olinmoqda. Joriy o‘quv yilida 1-sinfga 3 ming 200 nafar o‘quvchi qabul qilindi va ularga Prezident sovg‘alari yetkaziladi.
[gallery-3601]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov olgan (surat), O‘zA