Toshkentdagi Inha universitetida Oʻzbekistondagi ilk “Co-Learning Center” markazi ochildi
Toshkentdagi Inha universiteti (IUT)da ushbu taʼlim dargohida taʼlim oluvchi isteʼdodli talabalar uchun Oʻzbekistondagi ilk “Co-Learning Center” ochildi.
Toshkentdagi Inha universiteti (IUT)da ushbu taʼlim dargohida taʼlim oluvchi isteʼdodli talabalar uchun Oʻzbekistondagi ilk “Co-Learning Center” ochildi.
Kelgusida bu kabi taʼlim markazlari mamlakatimizdagi boshqa oʻquv muassasalar qoshida ham ochilishi kutilmoqda. Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham ana shunday markazni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu taʼlim loyihasi isteʼdodli talabalarni oʻqitishga moʻljallangan. Ular “Co-Learning Center”da veb-dasturlash, mobil qurilmalar uchun ilovalar yaratish, kompyuter oʻyinlari, 2D va 3D-modellashtirish, raqamli marketing va kiberxavfsizlikni oʻrganadi.
Markazning taʼlim jarayoni “Digital Generation Uzbekistan” metodikasiga asoslangan, shu bois u talabalar va yosh malakali kadrlarga muhtoj kompaniyalar oʻrtasida oʻziga xos bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini oʻtaydi.
Loyiha yaratuvchilari yiliga middle darajasidagi 400 nafargacha junior-dasturchilarni, 100 nafargacha senior-dasturchilarni tayyorlashni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻygan. Hozirgi paytda “Co-Learning Center”da faqat Toshkent Inha universitetida tahsil olayotgan talabalargina taʼlim olishi mumkin. Markaz taʼlim dargohi auditoriyalarida oʻqitishdan tashqari, hududlar boʻyicha koʻchma mini-kurslar, vebinarlar oʻtkazish, videodarslarni tayyorlashni ham rejalashtirmoqda. Barcha oʻquv tadbirlari mutlaqo bepul oʻtkaziladi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda junior, middle va senior darajasidagi dasturchilar vakolatlari darajasini belgilash boʻyicha turli yondashuvlar mavjud. Koʻpincha buni ish tajribasi bilan bogʻlashadi – bu eng oddiy, tushunarli va notoʻgʻri usul. Agarda uning mustaqil ishlash darajasi va bajarishi mumkin boʻlgan vazifalarni birinchi oʻringa qoʻyadigan boʻlsak, ushbu tushunchalar haqida butunlay boshqa tasavvur paydo boʻladi.
Masalan, junior-dasturchi faqat kichik, murakkab boʻlmagan va aniq vazifalarni yecha oladi. Mustaqil ishlash boʻyicha ham u yetuk emas – uning bilimlari kam, savollari esa koʻp, oʻqituvchi yoki yaxshi jamoa bilan doimiy ishlashi kerak. Agar uning oʻqituvchisi boʻlsa, u bir yilda ushbu bosqichdan oʻtishi ham, 10-15 yilgacha shu bosqichda qolib ketishi ham mumkin.
Middle-dasturchi janglarda chiniqqan boʻladi. U koʻp narsani biladi va mustaqil harakat qila oladi. U masʼuliyatni his qiladi, qarorlarni ham texnik yangiliklar, ham biznes va foydalanuvchilar nuqtayi nazarini hisobga olgan holda qabul qila oladi. Umuman olganda, koʻpchilik dasturchilar shu bosqichda boʻlishadi.
Senior-dasturchi nima qilish kerakligini va uning sababini sizga aytib bera oladi. U loyihadagi oʻz qismini juda yaxshi biladi va uni rivojlantirish yoʻnalishini shakllantiradi. U eng katta va qiyin vazifalarni bilishi, yuksak darajada ishlay olishi va murakkab oʻzaro harakatlar va ularning oqibatlarini hisobga olishi mumkin. Koʻpincha bu bosqichda ixtisoslashuv paydo boʻladi.
Ayrim kompaniyalarda bosqichlar oʻrtasidagi almashinuv attestatsiya bilan birga kechadi. Bu albatta, rasmiyatchilik hisoblanadi. Aslida, professional oʻsish uzluksiz va kundalik jarayon boʻlib, unda bugun seni qanday nom bilan atashlari emas, bugun kechagidan koʻra yaxshiroq dasturchi boʻlganing muhimroqdir.