Toshkentda Xalqaro buxgalteriya autsorsing kompaniyalari uyushmasining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Yig‘ilishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot assambleyasi, Auditorlar palatasi vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Unda “Turan OS” buxgalteriya kompaniyasi asoschisi Otamurod Sultonov, O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda Xalqaro buxgalteriya autsorsing kompaniyalari uyushmasining tashkil etilishi tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishga erishishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar uyushma ustavi, ustuvor vazifalar va kelgusidagi rejalarni keng muhokama qildi. Shundan so‘ng tadbirda ta’sis hujjatlari, uyushma boshqaruvi kengashi a’zolari va boshqaruvi raisi tasdiqlandi. Ya’ni, “Turan OS” buxgalteriya kompaniyasi asoschisi, “Sultan-OTO” MCHJ auditorlik kompaniyasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Otamurod Sultonov Xalqaro buxgalteriya autsorsing kompaniyalari uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimiga saylandi.
Uyushmaning ta’sis yig‘ilishi yakunida Otamurod Sultonov O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, bugungi kunda barcha sohalarda nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, uyushmalar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining hisob-kitoblarini to‘g‘ri olib borish va soliq qonunchiligiga rioya qilish borasida yaqindan yordam berib kelayotgan buxgalteriya kompaniyalari soni tobora kengaymoqda.
Mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishida tadbirkorlik sub’ektlarining rivojlanishi va moliyaviy erkinligi asosiy rol o‘ynaydi. Bunda ishbilarmonlarga yaqindan yordam berib kelayotgan buxgalteriya kompaniyalari ham sifat jihatidan yuksak imkoniyatlarga ega bo‘lishi hamda xalqaro buxgalteriya standartlariga muvofiq xizmatlar ko‘rsatishi talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, buxgalteriya autsorsing tashkilotlarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish, xalqaro buxgalteriya standartlariga mos keluvchi xizmatlarni kengaytirish, buxgalteriya va auditorlik kompaniyalarining jadal rivojlanishi va ularning mamlakat iqtisodiy hayotidagi ahamiyatini oshirish maqsadida O‘zbekistonda ilk marotaba Xalqaro buxgalteriya autsorsing kompaniyalari uyushmasi tashkil etildi.
Bugun esa biz mazkur uyushmaning ta’sis yig‘ilishini o‘tkazdik.
Ta’kidlash kerakki, Xalqaro buxgalteriya autsorsing kompaniyalari uyushmasi buxgalteriya, moliyaviy hisobot va soliq yuritish xizmatlarini tashqi kompaniyalar orqali taqdim etuvchi tashkilotlarni birlashtiradi. U xalqaro buxgalteriya standartlarini joriy qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, buxgalterlar malakasini oshirish va autsorsing sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Bu uyushma korxonalar uchun xarajatlarni kamaytirish, xalqaro amaliyotlarga moslashish, moliyaviy hisobotlarni shaffof yuritish va soliq tavakkalchiliklarini pasaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Buxgalteriya xizmatlarining professional va samarali tashkil etilishi orqali biznesning barqarorligini ta’minlashga yordam beradi.
[gallery-22363]
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar hamkor va hamfikr bo‘lib ishlashga, bir-birini qo‘llab-quvvatlashga hamda uyushmaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari intilishga kelishib oldi. O‘ylaymanki, buxgalteriya autsorsing tashkilotlarining rivojlanishida uyushma o‘z faoliyati bilan munosib hissa qo‘shadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev(surat), O‘zA