Toshkentda uy-joylar narxi oshgani rostmi?
Poytaxtimizdagi uy-joylar narxini o‘rganish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tadqiqot o‘tkazildi.
Tahlillarga ko‘ra, propiskasiz uy-joy xarid qilish borasidagi yangiliklarning ko‘chmas mulk narxiga ta’siri aniqlanmagan.
Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2018 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida 2021 yildan boshlab respublika hududida personallashtirilgan shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma – ID-kartalar joriy etilishi belgilangan.
Qolaversa, davlatimiz rahbari 2020 yil 25 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlament va hukumatga 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, uni takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishni topshirgandi. Shunga ko‘ra, 2020 yilning 11 fevral kuni propiska instituti islohoti e’lon qilinib, 1 apreldan e’tiboran doimiy propiskadan qat’iy nazar Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat berildi.
Ushbu tadqiqotda 2019 yil mart oyidan 2020 yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxi haqidagi kompleks haftalik ma’lumotlar asosida Toshkent shahridagi turar joy qiymatlarining qiyosiy tahlili o‘tkazildi.
Buning uchun xonadonlarning ham tashqi, ham asosiy ichki omil va xususiyatlaridan kelib chiqqan holda turar joyning bahosini belgilovchi gedonik narxlash modeli qo‘llanildi. Yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, propiska institutini isloh qilish haqidagi yangiliklar uy-joy narxiga ta’sir etuvchi tashqi omillar sifatida ko‘rib chiqildi.
Sotilayotgan xonadonlar ro‘yxati besh toifaga bo‘lingandi. Xususan, bir xonali, ikki xonali, uch xonali, to‘rt xonali, besh va undan ortiq xonali. 6 ming 502 ta kuzatishdan iborat tanlov hajmi ma’lumotlar tozalanganidan so‘ng 6 ming 261 tagacha kamaydi.
2019 yil mart oyidan joriy yilning mart oyigacha bo‘lgan davr uchun sotilayotgan xonadonlarning o‘rtacha maydoni 64 kvadrat metrni tashkil etdi.
Tahlil qilingan turar joy majmualari orasida eng baland bino 18 qavatli bo‘lib, ko‘p qavatli turar joy majmualarining o‘rtacha balandligi esa 5 qavatni tashkil qildi. Sotilayotgan xonadonlarda eng kam xonalar soni – bitta (ko‘proq Sergeli tumanida kuzatildi), eng ko‘pi esa 6 xonadan iborat bo‘ldi.
Tahlil natijalari Toshkent shahri bo‘yicha ikki xonali uylar nisbatan ko‘proq sotilishini ko‘rsatdi. Ham xonalar soni, ham maydoni jihatdan eng katta xonadonlar sotuvi Yunusobod tumanida kuzatildi.
Toshkent bo‘yicha turar joyning kvadrat metri uchun o‘rtacha qiymat 639,4 AQSH dollarini tashkil etdi.
Tahlil etilgan davr uchun tumanlar kesimida kvadrat metri uchun eng baland baholangan uy-joylar Yunusobod va Shayxontohur tumanida qayd etildi (mos ravishda 699 va 694 AQSH dollari).
Eng past narxlar Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatildi (mos ravishda 405 va 411 AQSH dollari). Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Olmazor, Uchtepa, Yakkasaroy va Yashnobod kabi tumanlarda turar joy narxi ushbu qiymatlar oralig‘ida o‘zgarib turdi.
Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlari uy-joy sotilishiga oid e’lonlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanib, e’lonlar soni mos ravishda 23 foiz va 17 foizdan oshdi. Eng kam e’lonlar Bektemir (0,30 foiz) va Uchtepa (0, 56 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Xonadonlar narxi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, maydonning bir kvadrat metrga ortishi xonadon bahosini 1,3 foizga qimmatlashtiradi. Ko‘p qavatli uyning balandligi va qavatlari soni ham uy-joy narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uning qiymatini 4,6 foizga oshiradi.
Shu o‘rinda, xonalar soni ham narxni 26,3 foizga ko‘taradi, xonalarning haddan ortiq ko‘pligi esa 3,7 foizga tushiradi. Bu omil O‘zbekistonda xonadonlar maydoni u qadar katta emasligi bilan shartlanadi. Ko‘p farzandli oilalar esa bir xonani ikki, ikki xonalini esa uch xonali ko‘rinishga keltirishga harakat qilishadi. Shuning uchun muayyan darajada xonalar sonining ko‘pligi qiymatni oshiradi, so‘ngra xonalarning haddan ortiq ko‘pligi tufayli narx pasaya boshlaydi.
Shuningdek, xonadonning yuqori qavatlarda joylashuvi ham uning narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, uy-joy qanchalik yuqori qavatda joylashgan bo‘lsa qiymati shuncha kamayadi (2,6 foizga arzon). Agar uy g‘ishtdan qurilgan bo‘lsa, uning narxi 14,3 foizga ortadi, chunki ko‘pchilik qishning sovuq kunlarida issiqlikni ko‘proq ushlab turuvchi g‘ishtli uylarni afzal ko‘radi.
Shu bilan birga, natijalarga joriy yo‘l ta’miri ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, xonadon narxini 6,1 foizga kamaytirishini ko‘rsatdi. Tahlillarga ko‘ra, odamlarda poytaxtda ko‘chmas mulk sotib olish uchun yetarli mablag‘ yo‘q. Xonadon xarid qilish uchun imkoniyati borlar esa Toshkentda boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan uyga ega yoki umuman turar joyga muhtoj emas.
1 apreldan e’tiboran 14 ming 851 ta oldi-sotdi shartnomasining qayd etilgani, ulardan 70 foizi boshqa hududlarda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning bitimlariga to‘g‘ri kelishi esa, katta ehtimol bilan turar joyni qayta rasmiylashtirish natijasidir.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz, uy-joy sotib olish uchun propiska bekor qilingunga qadar xonadonlar qarindoshlar yoki yaqin kishilarning yordami bilan, uyni poytaxtda doimiy ro‘yxatda turganlar nomiga rasmiylashtirish orqali xarid qilingan. Ushbu fuqarolar davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmondan keyin, birinchi galda, uy-joyni o‘z nomiga o‘tkazib oldi, bu esa shartnomalar sonining ortishida namoyon bo‘ldi.
Umuman olganda, xonadon maydoni, uy qavatlari va xonalar soni, qurilishda ishlatilgan material (g‘isht) kabi o‘zgaruvchan omillar turar joy narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, joriy yo‘l ta’miri, xonalarning haddan ortiq ko‘pligi esa uy-joy qiymatiga salbiy ta’sir o‘tkazdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA