Toshkentda taekvondo WT bo‘yicha "Koreya Respublikasi elchisi" kubogi boshlandi
Bugun poytaxtimizdagi «Universal» sport majmuasida taekvondo WT bo‘yicha "Koreya Respublikasi elchisi" kubogi an’anaviy turniriga start berildi.
Butunjahon taekvondo kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida cport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, assotsiatsiya Bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon yosh taekvondochilarga musobaqada omad tilab, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
“Koreya Respublikasi elchisi” kubogi an’anaviy musobaqasida respublikamizning turli hududlaridan kelgan 350 nafar sportchi yoshlar g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Dasturga ko‘ra, bugun pumse (ko‘rgazmali chiqish) yo‘nalishi o‘tkazilmoqda. Ertaga esa kyorugi (jang) bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada yigitlar va qizlar 10 tadan vazn toifasida dayanga ko‘tariladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA