Toshkentda oziq-ovqat sanoati uchun muhim ko‘rgazma ochildi (+video)
“Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari - UzFood 2026” 25-yubiley ko‘rgazmasi 1-apreldan o‘z faoliyatini boshladi. “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkorlari ko‘magida “O‘zekspomarkaz”ning barcha pavilonlarida tarmoq korxonalari mahsulotlari keng namoyish qilindi.
Ko‘rgazmani ko‘zdan kechirar ekansiz oziq-ovqat sanoatining eng sara namunalari jamlanganining guvohi bo‘lasiz. Mahsulot yetishtirishdan tortib, qayta ishlash, bejirim qadoqlash va uni xaridorga yetkazishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olingan. Xomashyoni biotexnologiyalar asosida tayyorlash va logistika zanjirlarini qurish, bojxona va transport sohasida muhim kelishuvlarga erishish, xullas barchasi ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va iste’molchilarga qulaylik yaratishga qaratilgandir.
- Biz Belarus oziq-ovqat sanoati kompaniyasi vakili sifatida ko‘rgazmada ishtirok etyapmiz, - deydi Belarus kompaniyasi vakili Anna Sinyak. - Konditer, alkogol, tez tayyorlanadigan va o‘sha mashhur belarus chipslarini olib keldik. O‘zbekistonda uzoq vaqtdan buyon faoliyat olib boramiz.
- Ko‘rgazmada natijalar qanday bo‘ldi?
- Bunday tadbirlarda ishtirokimiz natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi eksport hajmi 3.5 barobarga ortdi. Mahsulotlarimiz juda yaxshi tanildi.
Ko‘rgazma ishida 26 mamlakatdan 530 ta kompaniya va nufuzli brendlarning vakillari ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning ko‘pchiligi yangi mahsulotlarini taqdim etdi. Bu borada ayniqsa Avstriya, Armaniston, AQSH, Belarus, Germaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Polsha, Xitoy kompaniyalari ko‘proq faol bo‘ldi. Bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarning ham mahsulotlariga keng o‘rin berildi.
Bu yil xorijiy kompaniyalar ishtirokchilarning umumiy sonining 80 foizini tashkil etdi. Mo‘g‘uliston ko‘rgazmada debyut qilmoqda. Barcha namoyishlar tematik yo‘nalishlarga ajratilgan. Masalan, birida qadoqlash, uskunalar va materiallar jamlangan bo‘lsa, keyingi pavilonlarda tayyor, yarim tayyor mahsulotlar, ingrediyentlar, sut-go‘sht uchun alohida qatorlar, ichimlik, ziravor va muzlatilgan tovarlar uchun alohida joylar. Xullas ko‘rgazmaga keluvchilar uchun o‘zlariga kerakli bo‘lgan mahsulot, uskuna yoki xizmatlarni topib olishlariga maksimal qulaylik yaratib berilgan.
Polshalik tadbirkorlar ilk bor qatnashayotgan bo‘lsada, ularning mahsulotlari bizga juda tanish. Masalan, malina, qulupnay, golubika va shirinliklar namoyish qilinib, ularni yetishtirish texnologiyalari haqida keng ma’lumot olish mumkin.
Ko‘rgazmada mahalliy kompaniyalarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ham qiziqish katta bo‘ldi. Ular tomonidan qadoqlash materiallari, filtrlar va tozalash tizimlari, oziq-ovqat va qandolat uskunalari, go‘shtni qayta ishlash va sut mahsulotlari, meva va sabzvotlar keng assortimentda namoyish qilindi.
Shuningdek ko‘rgazma dasturidan mahorat darslari, seminarlar, yangi uskunalar taqdimotlari va sanoat tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, barcha ishtirokchilar unda qatnashishlari mumkin. Ko‘rgazma 3-aprelgacha davom etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZMBzXz65Ck8" title="Toshkentda oziq-ovqat sanoati uchun muhim ko`rgazma ochildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA