Toshkentda futbol bayrami: Terma jamoa uchun fan-zonalar shay!
Futbol muxlislari diqqatiga: Toshkent hokimligi sevimli jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun shahar bo‘ylab ulkan tayyorgarlik ko‘rdi. Stadion zavqini his qilib, birgalikda muxlislik qilish imkoniyati sizni kutmoqda. Qayerda?
Toshkent shahar hokimligi millionlar o‘yini — futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash istagidagi muxlislar uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rdi. Endi poytaxt ahli “Bunyodkor” stadionida yoki shaharning barcha tumanlarida o‘rnatilgan katta monitorli ekranlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladigan o‘yinlarni jonli kuzatib, stadion muhitini his etishi mumkin.
Eng yirik va asosiy tomosha maydoni “Bunyodkor” stadioni hududida tashkil etilib, u 10 ming nafar muxlisni sig‘dira oladi. Bu yerda futbol bayramining haqiqiy ruhi hukm surishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, poytaxtning har bir tumanida maxsus fan-zonalar tashkil etildi. Ularning manzillari quyidagicha: Bektemir tumani – “Rohat” mahallasida; Mirobod tumani – “Furqat” bog‘ida; Mirzo Ulug‘bek tumani – “Central Park” istirohat bog‘ida; Olmazor tumani – “G‘alaba bog‘i”da; Sergeli tumani – Markaziy xiyobonda; Uchtepa tumani – “Seul Eko park”da; Chilonzor tumani – “G‘afur G‘ulom bog‘i”da; Shayxontohur tumani – “Anhor-Lokomotiv” bog‘ida; Yunusobod tumani – Yunusobod sport majmuasida; Yakkasaroy tumani – “Do‘stlik” bog‘ida; Yangihayot tumani – INDEX majmuasida; Yashnobod tumani – “Ashxobod” sayilgohida.
Muxlislar diqqatiga: terma jamoamizning ilk o‘yini 18-iyun kuni ertalabki soat 7:00 da boshlanadi. Unda O‘zbekiston Kolumbiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
<iframe width="1011" height="569" src="https://www.youtube.com/embed/1pEN23ZjNSY" title="Toshkentda futbol bayrami: Terma jamoa uchun fan-zonalar shay!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA