Toshkentda dunyoning kuchli shaxmatchilari ishtirokidagi turnir boshlanmoqda
Bugun, 6-iyun kuni poytaxtimiz Toshkentda dunyoning kuchli grossmeysterlari, tajribali shaxmatchilar va yosh iste’dodlarni bir maydonda jamlaydigan “UzChess Cup III” xalqaro turniri boshlanadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 121 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirda shaxmatchilar “Masters”, “Challengers”, “Futures” va “Open” guruhlarida bahs olib borishadi.
Nufuzli musobaqaning “Masters” guruhida xalqaro shaxmat olamida o‘z nomiga ega bo‘lgan rossiyalik Yan Nepomnyashiy, hindistonlik Arjun Erigaisi, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qatorida hindistonlik Vidat, ozarbayjonlik Shaxriyor Mamedyarov, AQSHlik Neymann Xans Moke, germaniyalik Teodoru Nikolas va yurtdoshlarimiz Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov dona surishi belgilangan.
Bugun kun davomida texnik qo‘mita yig‘ilishi, ro‘yxatdan o‘tgan shaxmatchilar ishtirokida musobaqalarga qur’a tashlash marosimlari bo‘lib o‘tadi.
Dastlabki tur o‘yinlari ertaga, 7-iyun kuni boshlansa, so‘nggi tur musobaqalari 16-iyun kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA