Toshkent viloyatining faol yoshlari rag‘batlantirildi
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida “2020-2021 yillar davomida Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” doirasida reja asosida ish olib borilyapti. Jumladan, hudud yoshlarining mavjud muammolarni hal etish, ularning muammo va takliflarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Tuman hokimi Olimjon Nurmatov boshchiligida barcha sektor rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida 180 nafardan ortiq yigit-qizlar ishtirok etdi. Unda asosiy e’tibor yoshlar hayotiga oid muammo va takliflar o‘rtaga tashlandi.
Xususan, “Namdanak” mahallasida yashovchi Dilobar O‘rinova tikuv mashinasi so‘rab qilgan murojaati ijobiy hal etildi. Tuman hokimligi tomonidan unga ikki dona tikuv mashinasi beminnat taqdim etildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga yuqori ball bilan kirgan yoshlarga noutbuk sovg‘a qilindi.

Uchrashuvda yigit-qizlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, barcha murojaatlar nazoratga olindi. Shuningdek, Bo‘ka tumanidagi 17-umumta’lim maktabida “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” shiori ostida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Hudud yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, mutolaa savodxonligini oshirish maqsadida tuman xalq ta’limi bo‘limiga karashli ta’lim muassasalarida muntazam ravishda kitob yarmarkalari tashkil etilmokda. Xususan, mazkur ta’lim dargohida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, hudud faollari tomonidan maktab kutubxonasi uchun o‘z hisobidan yangi kitoblarni sovg‘a qildi. Farzandining yetuk inson bo‘lib kamolga yetishi, o‘ziga munosib kasb tanlashida oiladagi kitobsevarlik muhitining ahamiyati, bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatishda ota-onaning o‘rni xususida fikr almashildi.

Tadbir doirasida o‘quvchilarning kitob haqidagi she’rlari, qo‘shiqlari, jozibali raqslar tadbirga yanada fayz kiritdi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi "O‘zdavkitobsavdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi.
– Bunday tadbirlar yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undaydi, – deydi maktab kutubxonasi mutaxassisi Manzura Ortiqboyeva. – Hududda yashovchi ota-onalar, keksalar va shu ta’lim dargohini bitirgan insonlar tashkil etilgan yarmarkadagi turli kitoblar, badiiy asarlar sotib olib kutubxonamiz va o‘quvchilarga sovg‘a qildi.