Toshkent viloyatida mikromarkazlar tashkil etilmoqda
Oxirgi yillarda hududlardagi mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni bartaraf qilish maqsadida hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik, kasanachilik va chorvachilik kabi tarmoqlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 25 iyuldagi “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajaryapti. Xususan, Toshkent viloyatida ham o‘tgan yili 4 ta qurilgan bo‘lsa, joriy yilda 13 ta mikromarkazlar tashkil etiladi. Hozirda Nurafshon, Olmaliq shaharlari hamda Chinoz, Parkent tumanlarida ana shunday 5 ta mikromarkaz foydalanishga topshirildi. Yil oxirigacha, Zangiota tumanida qo‘shimcha 20 ta mikromarkaz tashkil etilishi borasida amaliy ishlar boshlangan.
Mazkur majmualar uchun mahallalar yoki mahallalarning tutash hududlarida bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari yoki qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer maydonlari ajratilmoqda. Bir hududda bir nechta mikromarkazdan iborat mikromarkazlar kompleksi tashkil qilinishi mumkin. Hududda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha kamida 10 ta yoki chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha kamida 3 ta ish o‘rnini yaratish va ta’minlab borish kerak bo‘ladi.
Yana bir muhim jihati shuki, mikromarkazlar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 3 yil muddat davomida ularga nisbatan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
Endilikda mahallaga sanoat kirib boradi. Tadbirkor ham, oddiy fuqaro ham manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi. Qolaversa, hududlardagi bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish orqali mahallalar infratuzilmasi yaxshilanadi.
A.Musayev, O‘zA