Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati sport boshqarmasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda sport sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan sport faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir dastlab “Vatanparvar bog‘i”da joylashgan Zulfiya ona haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shuningdek, ishtirokchilar bog‘ hududidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Nurafshon shahar sport maktabida bo‘lib, yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlarini kuzatdi.

Tadbir doirasida Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan barpo etilgan zamonaviy tennis majmuasining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Yakunda sport faxriylarini taqdirlash marosimi tashkil qilinib, ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozildi hamda osh tortildi.
***
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida biologik xilma-xillikni o‘rganish, yovvoyi hayvonlar sonini aniqlash va ularni muhofaza qilish maqsadida muntazam ravishda bahorgi sanoq ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilda inspektorlar tomonidan tashkil etilgan navbatdagi monitoring tadbirlari davomida Qorong‘ito‘qay – Onao‘lgan hududida dala kuzatuv ishlari amalga oshirildi. Kuzatuvlar natijasida ushbu hududda 15 bosh Sibir tog‘ echkilari qayd etildi. Hayvonlar tabiiy yashash muhitida erkin harakatlanayotgani kuzatilib, ularning xatti-harakatlari va holati inspektorlar tomonidan diqqat bilan o‘rganildi.
Mazkur kuzatuv natijalari hududda yovvoyi hayvonlar populyatsiyasining barqarorligini hamda tabiiy ekotizimning sog‘lom holatda ekanligini ko‘rsatadi.
***
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Iqtidor” maktab ansambli ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman va shahar bosqichlaridan saralab olingan 22 ta eng munosib jamoa o‘z iste’dodini namoyon etdi.

Mazkur tanlov Prezidentimizning musiqa madaniyati ta’limini rivojlantirishga qaratilgan tegishli qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni milliy va zamonaviy san’atga keng jalb etish hamda iste’dodli o‘quvchilarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Tanlovda g‘oliblikni Oqqo‘rg‘on tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabining “Ko‘rkem ay” jamoasi qo‘lga kiritdi va Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga Toshkent viloyati “Kelajak” markazi tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA