Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Chirchiq shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamkorligida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shundan so‘ng shahardagi ijtimoiy ob’ektlarda amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi. Xususan, 20-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. 100 o‘rinli mazkur muassasa alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ijtimoiy moslashuvi hamda har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

***
“Bekobod temir yo‘l” chegara bojxona posti xodimlari hamda DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan “Xo‘djand –Xavast” yo‘nalishida harakatlangan poyezd vagonlari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida vagonlardan birining ichki qismiga yashirin tarzda joylashtirilgan 6 ta polietilen qop ichida jami 126 quti sigareta tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, viloyat bojxonachilari tomonidan joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida aksiz markasi bilan markalanmagan 87 ta holatda, qiymati 774 million 300 ming so‘m bo‘lgan 36 283 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.


***
Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hududiy bo‘limi va Toshkent shahar Asl ovchilar jamoasi bilan birgalikda Chinoz tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq hamda Sirdaryo daryosida baliq chovoqlari tashlash xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Unda ikki mingdan ortiq zog‘ora baliqlari suvga qo‘yib yuborildi. Bu kabi xayrli tashabbuslarni kelgusida ham davom ettirish, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan fuqarolarni yanada birlashtirish rejalashtirilmoqda.


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, baliqlarning urchish davrida baliq ovlash taqiqlanadi. Jumladan, Amudaryo va Sirdaryo daryolarida 11-martdan 31-maygacha, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida esa 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlashga ruxsat berilmaydi.
A.Musayev,O‘zA.