Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida 3,4 trillion so‘m bojxona to‘lovlari hisoblandi. 1,3 trillion so‘m imtiyozlar tadbirkorlarga taqdim etildi, 2,1 trillion so‘m davlat byudjetiga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, bojxona postlari orqali 649 million AQSH dollaridan ortiq tovarlar eksport qilindi.
Qonunbuzarliklarga qarshi amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 134,6 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. 42,1 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar fosh etildi. Shuningdek, 36 ming 283 quti noqonuniy tamaki mahsulotlari aniqlandi, 3,4 milliard so‘mlik sifatsiz dori vositalari aylanmadan chiqarildi.
***
Prezidentimiz tomonidan milliy boyligimiz hisoblangan pillachilik sohasiga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Ular ijrosi bo‘yicha hududlarda amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Bekobod tumanida yangi mavsum boshlanishi munosabati bilan pilla qutilari mahallalar kesimida aholiga tarqatilmoqda. Jarayonda tuman Mahallalar uyushmasi rahbari Y.Mo‘minova ishtirok etib, mahalla “yettiligi”ga ishsiz fuqarolarni keng jalb qilish, ushbu faoliyat orqali oilalarga qo‘shimcha daromad manbai yaratish yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Pillachilik bo‘yicha mas’ullarning ma’lum qilishicha, joriy mavsumda hudud bo‘yicha 4 ming 180 ta quti pilla qurti tarqatilib, reja asosida 252 tonna ipak xomashyosi yetishtirilishi kutilmoqda.
***
Oqqo‘rg‘on tumanida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakat sharoitlarini yaratish izchil davom etmoqda.
Xususan, tuman markazini Olimkent hududi bilan bog‘lovchi asosiy yo‘lda asfaltlash jarayoni boshlab yuborildi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishda “Guliston” va “Yoshlik” MFY hududlarida ishlar jadal sur’atlarda olib borilib, yo‘lning sifatli va zamonaviy talablarga mos holda barpo etilishi ta’minlanmoqda.
Mazkur yo‘llarning ta’mirlanishi hududdagi transport harakatini yengillashtirish, aholining kundalik qatnovini qulaylashtirish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Olib borilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari hudud bo‘ylab muntazam davom etadi.
A.Musayev,O‘zA.