Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Angren shahar Tibbiyot birlashmasi tumanlararo qo‘shma jarohat va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markaziy binosining jarrohlik bo‘limi “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimi Alisher Rayimov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari, soha mutaxassislari qatnashdi. Oxirgi yillar hududda aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy muassasalar barpo etish va zarur anjomlar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” tufayli mazkur Jarrohlik bo‘limida 50 ta o‘rinli xona bemorlar ixtiyorida. Bundan tashqari, muolaja uchun hamda shifokorlar, hamshiralar uchun ham xonalar ta’mirlangan.

***
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashida Toshkent viloyati bo‘yicha “Ayollar daftari”ning 6-bosqichini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari S.Artikova, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasidan biriktirilgan vakil A.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunov, viloyat shtabi a’zolari, tegishli boshqarma va tashkilot rahbarlari, “Mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Toshkent viloyatida “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi yakunlari hamda 6-bosqichi bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining bayonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Xususan, joriy yilning 6 yanvaridan boshlab 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 69 ming 6432 nafar xotin-qizlar “Mahalla yettiligi” tomonidan xatlov o‘tkazilib, anketa so‘rovnomalari to‘ldirish ishlari olib borilmoqda. Muloqotda mazkur jarayonda aniqlanayotgan masalalarni tegishli tartibda hal qilish borasida so‘z yuritildi.


***
Toshkent viloyati hokimining toponimik ob’ektlarga nom berish borasida to‘planib qolgan muammolar, sohaga aloqador tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshirig‘iga asosan Ohangaron tumanida seminar o‘tkazildi. Unda shu yo‘nalishga mas’ul mutasaddilar toponimik ob’ektlarni qayd etish, nomlash, ro‘yxatga olish borasidagi fikrlar bildirildi.
Bunda asosiy e’tibor sohaga doir milliy qonunchilik bazasidagi me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, kiritilgan yangiliklar tushuntirib o‘tildi. Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ahrorov toponimik ob’ektlarni nomlash va ro‘yxatga olish borasidagi tartib-taomil, hamkorlik mexanizmi bo‘yicha ma’lumot berdi. Xususan, joylarning nomi har jihatdan mantiqiy, asosli, eng asosiysi, mahalliy aholining fikrini mujassam qilgan holda tanlanishi ta’kidlandi. Bu borada xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan hudud mutasaddilari ogohlantirildi.
Bundan tashqari, viloyat mahallalaridagi bir xil nomdagi ko‘chalarni qayta nomlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu ishlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.


***
Shu kunlarda tuman-shaharlar bo‘ylab “Mehnat yarmarka”lari tashkil etilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Bekobod shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda IIB Probatsiya guruhi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda hududda faoliyat yuritayotgan 15 ta korxona va tashkilot tomonidan 150 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi.


Unda 60 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etib, ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. Xususan, 12 nafar fuqaro qayta kasbga o‘qitishga jalb qilindi, 38 nafar fuqaroga esa, huquqiy maslahatlar berildi.
A.Musayev, O‘zA