Toshkent “Uz Global Think” xalqaro vatandoshlar forumiga mezbonlik qilyapti
Toshkent “Uz Global Think” xalqaro forumi munosabati bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni yagona muloqot maydoniga jamladi.
Anjuman Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Tashqi ishlar vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “Zakovat” intellektual klubi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Jahon O‘zbekiston yoshlari assotsiatsiyasi kabi qator vazirlik, idoralar hamkorligida tashkil etilgan. Dasturga muvofiq, bugun “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xorijdagi vatandoshlarning ilmiy va ekspertlik salohiyati” mavzusida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.
15 mamlakat bo‘ylab ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiya, texnologiya va madaniyat sohalarida salmoqli yutuqqa erishgan 40 nafar vatandoshimiz ishtirok etayotgan tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologiya barqarorligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinyapti.
Xususan, chet elda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarimiz bilimi va tajribasidan yurt manfaati yo‘lida samarali foydalanish, investitsiya va zamonaviy texnologiya transferini rag‘batlantirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va vatandoshlar, davlat idoralari hamda biznes hamjamiyati o‘rtasida doimiy hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Bunday forumlar xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ularning intellektual salohiyatini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga safarbar etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-30929]
Fardona Yaxshiboyeva,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA