Toshkent shahrida yangi ijodiy makon faoliyat boshladi
Toshkent shahrining “Suzuk ota” hunarmandlar mahallasida Madina Qosimboyevaning kashtachilik maktab-ustaxonasi ochildi. Ushbu ijodiy makon o‘quv markazi, ustaxona va galereyani o‘z ichiga oladi.
Mazkur maktab qadimiy kashtachilik an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish, milliy hunarmandchilik merosini avloddan avlodga yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Shuningdek, loyiha qizlar va ayollar uchun kasb o‘rganish, ijod qilish, ilhomlanish hamda mustaqil faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Kashtachilik maktab-ustaxonasi nafaqat mahalliy hunarmandlar uchun, balki xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun ham alohida qiziqish uyg‘otuvchi maskan hisoblanadi. Bu yerda mehmonlar milliy kashtachilik jarayoni bilan yaqindan tanishish, ustalar bilan muloqot qilish hamda an’anaviy san’at namunalarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur ijodiy makon Toshkent shahrida hunarmandchilikni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash hamda turistik jozibadorlikni oshirishga xizmat qiluvchi muhim loyiha sifatida e’tirof etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA