Toshkent faqat bunyodkorlik maydoni emas, balki qulay va ekologik barqaror megapolisga aylanadi
Keyingi yillarda mamlakatimizda shaharlar muhitini sog‘lomlashtirish, aholi uchun qulay va ekologik barqaror yashash sharoitlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, poytaxtimizda yashil hududlarni kengaytirish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanib, bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 25-fevral kuni Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar va kutilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bosh mutaxassisi Fayzulla XO‘JAEV bilan suhbatlashdik.
– Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlari jadal kechayotgan bir paytda, yashil hududlarni saqlab qolish va ularni kengaytirish bo‘yicha qanday yangi yondashuvlar qo‘llanilmoqda?
– Bugungi kunda Toshkentda urbanizatsiyaga yondashuv tubdan o‘zgarmoqda. Ya’ni endi masala faqat yangi uy-joy qurishda emas, balki inson uchun qulay muhit yaratish, shu bilan birga shaharni ekologik barqaror muhit sifatida rivojlantirishda ko‘rilmoqda. Bu borada eng muhim yangilik har bir yirik loyihani yagona shaharsozlik yondashuvi asosida amalga oshirishdir.
Prezidentimizga taqdim etilgan takliflarda har bir qurilish loyihasida hududning kamida 30 foizida yashil maydon tashkil etish, hududlarni renovatsiya orqali kompleks yangilash va maydoni 1 gektargacha bo‘lgan zich qurilish amaliyotidan voz kechish vazifalari belgilandi.
Bu yondashuvning zarurati raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Toshkent shahrida umumiy foydalanishdagi yashil maydonlar 893 gektarga yaqin. Aholi soni yuqori bo‘lgan sharoitda bu har bir kishi hisobiga uncha ko‘p bo‘lmagan yaqin yashil maydon degani. Vaholanki, amaldagi shaharsozlik va sanitariya me’yorlariga ko‘ra yirik shaharlarda bu ko‘rsatkich balandroq bo‘lishi kerak.
Shu bois yangi yondashuvga ko‘ra yashil hududlarni shahar rivojining majburiy qismiga aylantirishdan iborat. Kompleks qurilish hududlarida ko‘kalamzorlashtirish me’yorini 25 foizdan 30 foizga oshirish orqali qo‘shimcha kamida 400 gektar umumiy foydalanishdagi yashil maydon tashkil etish va Toshkent shahrida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan 9 ta yangi yashil jamoat parklari barpo etish rejalari ma’qullangan. Aholi jon boshiga umumiy foydalanishdagi yashil maydonlarni 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish rejasi qo‘yilgan.
– Kelgusida Toshkentda ekologik barqaror va aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirish maqsadida qanday ustuvor vazifalar belgilangan?
– Kelgusidagi eng muhim vazifa Toshkentni faqat qurilishlar shahri emas, balki fuqarolar yashashi uchun qulay, sog‘lom va ekologik barqaror megapolisga aylantirishdir.
Buning uchun, birinchi navbatda, yashil hududlarni ko‘paytirish va ularning aholi uchun yetarli hamda uy-joylarga yaqin bo‘lishini ta’minlash maqsad qilingan.
Ikkinchi ustuvor vazifa yangi qurilishlarning ekologik standartlarini takomillashtirishdir.
Xususan, ko‘kalamzorlashtiriladigan maydon ulushini 25 foizdan 30 foizga oshirish taklifi juda muhim. Aytib o‘tganimdek, bu orqali kelgusida kamida 400 gektar qo‘shimcha umumiy foydalanishdagi yashil maydon tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu amaliyot yangi qurilishni cheklash emas, balki uni jamoat manfaati va shahar ekologiyasi o‘rtasida muvozanatni ta’minlashiga xizmat qiladi.
Uchinchi ustuvor vazifa yangi jamoat parklarini barpo etish va ularni shahar tuzilishiga to‘g‘ri integratsiya qilish hisoblanadi.
Prezidentga taqdim etilgan rejalarda 9 ta yangi yashil jamoat parklarini tashkil etish ma’qullangan. Bu loyihalar aholi uchun dam olish joyini yaratish bilan cheklanmay, issiqlik ta’sirini pasaytirish, havo sifatini yaxshilash, aholi uchun qulay muhitni kengaytirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, kelgusidagi vazifa Toshkentda inson uchun qulay muhit yaratishni va yashil hududlarni barpo etishni asosiy qadriyatga aylantirishdan iboratdir.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.