Toshkent dunyo gimnastika yulduzlarini kutmoqda
Joriy yilning 13-19 aprel kunlari Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi musobaqasi o‘tkaziladi.
Poytaxtimizdagi Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilishi kutilayotgan mazkur musobaqa Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatini beruvchi to‘rtta reytingli musobaqalarning ikkinchi bosqichi hisoblanadi.
Birinchisi shu yil 24-29 mart kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazildi. Ikkinchisi 13-19 aprel kunlari Toshkentda tashkil etilsa, keyingisi 5-10 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Bokuda, so‘nggisi esa 26-31 may kunlari Pezaro (Italiya)da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Olimpiadaga yo‘llanmani shaxsiy ko‘pkurash bo‘yicha faqat 2019 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan va uch turda maksimal ball to‘plagan eng yaxshi uch nafar gimnastikachi (har bir mamlakat uchun maksimal 1ta) qo‘lga kiritadi. E’tiborli jihati, ushbu chempionatda “Tokio – 2020” Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sportchilar ham bahslashadi. Faqat musobaqa ular uchun navbatdagi nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
Jahon kubogi musobaqasida dunyo gimnastika yulduzlari Dina va Arina Averinalar (Rossiya), Boryana Kaleyn (Bolgariya), Linoy Ashram va Nikol Zelikman (Isroil), Anastasiya Salosva Alina Garnasko (Belarus), Kaho Minagava (Yaponiya) va boshqa 32 davlatning eng kuchli gimnastikachilari ishtirok etadi.
Musobaqaning yakkalik mashqlari bo‘yicha jami 66 ta, shuningdek, guruh mashqlari bo‘yicha 12 ta jamoa ishtirok etadi. Ushbu nufuzli musobaqada Sabina Tashkenboyeva hamda Yekaterina Fetisova yakkalik bahsalarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Guruh mashqlaridagi bellashuvlarda ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etadi. Biroq, ushbu turdagi dasturlar Olimpiya o‘yinlari kvotasini bermaydi. Gimnastikachilarimiz joriy yilning iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qit’a birinchiligida Tokioga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda badiiy gimnastika bo‘yicha yirik nufuzli musobaqalarning dastlabkisi 2004 va 2005 yillarda o‘tgan bo‘lsa, 2010 yili Toshkentda Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, ushbu yildan boshlab an’anaviy tarzda har yili poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro musobaqalar tashkil etilmoqda. Ularda Olesya Ashayeva, Anastasiya Berestetskaya, Zarina Muhiddinova, Rita Alimova, Ulyana Trofimova (2012-yilgi London Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi), Jamila Rahmatova, Yelizaveta Nazarenkova, Anastasiya Serdyukova (2016 -yilgi Rio Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi) kabi gimnastikachilarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelgan.
Joriy yilning 13-19 aprel kunlari Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tishi kutilayotgan jahon kubogi musobaqasining tantanali ochilish marosimi 16 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Bellashuvlar esa shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlanadi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA