Toshkent davlat tibbiyot universiteti "World University Rankings-2027" reytingiga kiritildi
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Times Higher Education (THE) nufuzli xalqaro reyting agentligining "World University Rankings-2027" reytingiga ilk bor kiritilib, dunyo universitetlari orasida 2001+ o‘rinda e’tirof etildi.
Muhimi shundaki, Toshkent davlat tibbiyot universiteti O‘zbekistonda "THE World University Rankings 2027" reytingiga kiritilgan yagona tibbiyot, Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida qayd etildi.
Universitetning reytingdagi asosiy ko‘rsatkichlari quyidagicha:
Teaching – 23.4
Research Environment – 10.6
Research Quality – 8.5
Industry – 16.3
International Outlook – 49.4
Umumiy ko‘rsatkich – 12.2–20.3
Toshkent davlat tibbiyot universitetining mazkur nufuzli reytingda ilk bor ishtirok etib, 2001+ o‘rindan joy olishi ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot salohiyati, xalqaro hamkorlik va akademik faoliyatni izchil rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarning muhim natijasidir.
Universitet jamoasi Times Higher Education tashkiloti jamoasi hamda Global masalalar bo‘yicha bosh direktoriga jahon oliy ta’limida sifat va shaffoflikni yuksaltirishga qaratilgan rahbarligi va faoliyati, mazkur jarayon davomida ko‘rsatgan qimmatli metodologik ko‘magi, hamkorligi va doimiy qo‘llab-quvvatlovidan minnatdor.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, jahon akademik maydonida o‘z nufuzini mustahkamlashda davom etadi, deyiladi universitet matbuot xizmati xabarida.
M.Qosimova, O‘zA