Tosh koʻtarish boʻyicha jahon chempionati
Buxoro shahridagi “Humo” sport majmuasida joriy yil 2-6 noyabr kunlari tosh koʻtarish sport turi boʻyicha kattalar, yoshlar, oʻsmirlar, faxriylar va imkoniyati cheklanganlar oʻrtasida 26-jahon chempionati boʻlib oʻtdi.
Buxoro shahridagi “Humo” sport majmuasida joriy yil 2-6 noyabr kunlari tosh koʻtarish sport turi boʻyicha kattalar, yoshlar, oʻsmirlar, faxriylar va imkoniyati cheklanganlar oʻrtasida 26-jahon chempionati boʻlib oʻtdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Ukraina, Afgʻoniston, Hindiston kabi 15 ga yaqin davlatdan kelgan 300 dan ziyod sportchi turli vazn toifasida 10 daqiqa mobaynida 16, 24 va 32 kilogrammli toshlarni koʻtarish mashqida mahoratini namoyish etdi.
Musobaqada eng koʻp medallar mamlakatimiz sportchilariga nasib etdi. Kattalar oʻrtasida dastlabki oltin medalni andijonlik Sardor Ergashev qoʻlga kiritdi. U 32 kilogrammli toshni dast koʻtarishda raqiblaridan oʻzib ketdi. Shuningdek, Asadbek Oʻzganboyev, Bahodir Yoʻlchiyev, Islombek Hakimjonov, Maʼrufjon Hakimjonov, Ibrohim Nazarov va ayollar oʻrtasida Muhtarama Aliyeva, Nigora Oʻzganova, Yodgoroy Najimova ham oʻzining tengsizligini isbotlab, shohsupaning yuqori pogʻonasidan joy oldi.
Yoshlarimiz ham chempionatda yuqori natijalarni qayd etdi. Buxorolik Gʻaybulla Rahmatov jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishiga qaramay, yoshlar oʻrtasida 80 kilogramm vaznda tajribali raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirdi. U 24 kilogrammli toshni 168 bor koʻtarib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Oʻsmirlar oʻrtasidagi bahslarda mamlakatimiz terma jamoasining kenja vakili, andijonlik 12 yoshli Ruxshona Tolibjonova 16 kilogrammli toshni 133 marta koʻtarib, jahon rekordini yangiladi.
Faxriylar oʻrtasidagi bahslarda esa Jamshid Mirzayev, Juma Umurov mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
Taʼkidlash joiz, bu galgi chempionatda ilk bor imkoniyati cheklangan sportchilar ham ishtirok etdi. Buxorolik Narzibek Sharipov, Shavkat Mamedov va Ashraf Umurov gʻoliblar roʻyxatidan joy oldi.
Chempionatda mamlakatimiz sportchilari umumjamoa hisobida gʻolib boʻldi.
– Vakillarimiz chempionatda 21 oltin, 18 kumush va 12 bronza medalini qoʻlga kiritdi, – deydi Oʻzbekiston Bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish federatsiyasi raisi Vohid Najmiddinov. – Bu ham oʻziga xos rekord. Muvaffaqiyatlarimiz bejiz emas. Mashgʻulotlar jarayonida polvonlarimizning texnik va jismoniy tayyorgarligiga tizimli eʼtibor qaratganimiz yutuqlar omilidir. Musobaqa oʻsmir sportchilar uchun mahorat va tajriba oshirish maktabi boʻldi.
Chempionatda Ukraina va Qozogʻiston vakillari tegishli ravishda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egalladi.
Gʻolib va sovrindorlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, jahon chempionati doirasida tosh koʻtarish boʻyicha Osiyo xalqaro federatsiyasining taʼsis konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish federatsiyasi raisi Vohid Najmiddinov tosh koʻtarish boʻyicha Osiyo xalqaro federatsiyasi prezidenti etib saylandi.