To‘raqo‘rg‘onda 800 mingdan ortiq ko‘chatlar ekildi
Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan “Yashil yillik” umummilliy dasturi doirasida ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Shu jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanida ham bu yil bahorgi mavsumda jami 800 mingdan ortiq mevali va manzaralari daraxt ko‘chatlari ekildi.

Hududlarda qarovsiz yotgan bo‘sh maydonlarga 150 ming tup terak qalamchalari ekish rejalashtirilgan. Tuman markazida ana shu qalamchalar va manzarali daraxt ko‘chatlari mahalla raislari va hokim yordamchilariga tarqatildi.
Tumandagi Kichik Qo‘rg‘oncha mahallasi hududida joylashgan “Tursunboy Komilov” fermer xo‘jaligi maydonida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va hokim yordamchilari erta tongdanoq ishga kirishdi. Har bir mahalla uchun ajratilgan 3 sotixlik yerga tegishli mahallalar tomonidan 6 ming donadan terak qalamchasi o‘tqazildi.

- “Yashil yillik” umummilliy loyihasi asosida ajratilgan yer maydonlarida ekilayotgan terak navnihollari mahallalar uchun e’tiborga molik, - deydi “Ozod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nozimjon Nosirov. – Chunki, bugun ekilayotgan ko‘chatlar egasiz va e’tiborsiz qolmaydi. Ular muntazam mahalla faollarining qarovida bo‘ladi. Qolaversa, bizning zaminimizda o‘sadigan qalamchalarga mehr bilan qaralsa, mo‘l-ko‘l hosil berishi turgan gap.
Kelgusida esa teraklardan olinadigan daromad hududlardagi kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadi. Qolaversa, ushbu ezgu sa’y-harakat orqali atrof-muhitni yashillikka burkanishiga ham salmoqli hissa qo‘shiladi.

Iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish, odamlarni ixtiyoriy ravishda birlashtirish orqali qulay sharoitlar yaratish, yashil maydonlarni ko‘paytirish va o‘stirish maqsadida o‘tkazilayotgan aksiya tadbirlarida To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Ahrorjon Mansurov boshchiligidagi tuman sektor rahbarlari, korxona, tashkilot, muassasalarning mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari, keksa-yu yosh birday faol ishtirok etdi.
Tumanda ekilayotgan har bir daraxt ko‘chatlari tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan “Yashil maydon” platformasiga kiritilib, ularni sug‘orishdan tortib, parvarishlashgacha bo‘lgan jarayonlar doimiy monitoring qilib boriladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA