To‘qsonbosti ekinlar – mo‘l hosil demak
Namangan viloyatining Norin tumani dehqonlari mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanish, yerdan yil davomida bir necha marotaba hosil olish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha tajribaga ega.
Aholining sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish va oziq-ovqat xavfsizligi oldini olish maqsadida xo‘jaliklarda 2 ming 632 gektar maydonga 2024 yil hosili uchun 2023 yilning avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti ekinlarni ekish ishlari amalga oshirilgan.


Viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh mazkur tumanda to‘qsonbosti ekin ekish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu borada tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘rganishlar davomida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan avgust-sentyabr oylarida piyoz, sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida esa to‘qsonbosti ekinlaridan sabzi, osh lavlagi, ko‘katlardan kashnich, petrushka, seldir, salat bargi hamda rediska va karam ekib, yetishtirish muhimligi aytib o‘tildi.


Shuningdek, mas’ullar tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini, ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda aholining daromadlarini oshirish, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Tegirmonboshi mahallasi hududida viloyat rahbari boshchiligida mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri